Bir muddat avval O`zbekiston – Yaponiya o`yiniga o`zbekistonlik muxlislar kiritilmasligini, muxlislar tomonidan sodir etilgan nojo`ya xatti-harakatlar yuzasidan OFK tartib-intizom qo`mitasi tegishli qaror qabul qilgani haqida xabar bergan edik.
Ayni damda Ichki ishlar vazirligi ham O`zbekiston—Yaponiya o`yiniga kelmaslikni tavsiya etmoqda.
"Yurtdoshlarimizga futbol uchrashuvini tomosha qilish uchun stadionga kelmasdan, oila davrasida telekanallar orqali kuzatib borishlari tavsiya etiladi",-deyiladi IIV matbuot kotibi taqdim etgan xabarda.
Shunga qaramay, kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar tomonidan futbol uchrashuvini tomosha qilish uchun stadion atrofiga katta monitor qo`yib berish so`ralgan edi. Bu orqali sportchilarni qo`llab-quvvatlash maqsad qilingan edi.
Hozirda monitor deyarli o`rnatib bo`lindi va u yarim final tomoshasi uchun shay turibti.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bugun, 15 iyun kuni Chilonzor tumanining bir qator ko`chalarida yo`l ta`mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan soat 17:00 dan soat 24:00 gacha bo`lgan vaqtda avtotransport vositalari uchun harakat vaqtinchalik cheklanishini xabar qilgandi.
Jumladan:
- Muqimiy va Chilonzor ko`chalari chorrahasidan Chilonzor va KHAY ko`chalari chorrahasigacha bo`lgan qismi;
- Muqimiy va Arnasoy ko`chalari chorrahasidan Cho`ponota va Arnasoy ko`chalari chorrahasigacha bo`lgan qismi;
- Bunyodkor ikkinchi darajali ko`chasidan Cho`ponota ko`chasigacha bo`lgan qismi.






