AsosiyJamiyat

Uzum ko`chatlarini shpalerga ko`tarish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

'Uzum ko`chatlarini shpalerga ko`tarish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi'ning rasmi

So`nggi yillarda qishloq xo`jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish, uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum etishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Manbalarga ko`ra, bugungi kunda 90 ming gektardan ortiq maydonda uzum etishtirilib, sohada 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi ta`minlangan. Xususan, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari uzumchilikda maydon jihatidan etakchi hududlar hisoblanadi.

Jahon bozorida xo`raki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi o`rinda bo`lib, har yili unga bo`lgan talab o`rtacha 350 million dollarga o`smoqda. Jumladan, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 iyundagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan Uzum ko`chatlarini shpalerga (yog`och va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) ko`tarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to`g`risidagi nizom qabul qilindi.

Mazkur Nizom bilan Uzumchilik sohasi uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi.

Nizomga asosan, subsidiya:

  •  xo`raki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Bog`dorchilikni rivojlantirish jamg`armasi hisobidan;
  •  sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Vinochilikni rivojlantirish jamg`armasi hisobidan ajratiladi.

Subsidiya barpo qilingan tokzorlarda uzum ko`chatlarini ko`tarish maqsadida shpalerni o`rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so`ng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi. Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni o`rnatish (qurish) ishlari yakunlangandan so`ng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuboradi. O`rganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.

Jamoatchilik nazorati sub`ektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali yozib olinib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilinishi mumkin. Xabar o`z tasdig`ini topgan taqdirda tegishli Agentlik tomonidan rag`batlantiriladi. Rag`batlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.  Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to`g`risidagi nizomga ko`ra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi (har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, biroq 300 million so`mdan ortiq bo`lmagan miqdori) qoplab beriladi.

Jo`rabek Abdulazizov,

Huquqni qo`llash amaliyotini o`rganish boshqarmasi bosh maslahatchisi.

    Boshqa yangiliklar