AsosiyJamiyat

Buxoroda o`gay ona qilmishlari uchun 5 yil ozodlikdan mahrum bo`ldi

'Buxoroda o`gay ona qilmishlari uchun 5 yil ozodlikdan mahrum bo`ldi'ning rasmi

2022 yil 30 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Peshku tuman sudi tomonidan sudlanuvchi Rajabova Zarina Sayodovnaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK 110-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan hukm o`qildi, deya xabar bermoqda Oliy sud Axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Z.Rajabova bir necha oy mobaynida o`gay qizi Rashidova Shahzodani muntazam ravishda urib, tanasini turli qismlariga qaynatilgan suv quyib, kuydirib qiynab kelgan. Sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Romitan filiali xulosasi ham buni tasdiqlagan.

Z.Rajabova sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan. O`gay qizini faqat jahlini chiqarganidagina urganini aytgan. Ammojabrlanuvchi Sh.Rashidova o`gay onasi Zarina qaynab turgan issiq suvni qo`liga va oyoqlariga to`kkani, beton zinada sochidan tortib urgani, rezina shlang bilan beliga urgani, ro`mollarni bir-biriga bog`lab, qo`lini eshik va derazaga tortib ertalabgacha bog`lab qo`ygani haqida ko`rsatma bergan.

Holat voyaga etmagan Sh.Rashidova va gumon qilinuvchi Z.Rajabova o`rtasida o`tkazilgan yuzlashtirishdagi ko`rsatuvlar bilan hamda jinoyat ishida mavjud bo`lgan boshqa dalillar yig`indisi bilan to`liq o`z isbotini topgan deb hisoblandi.

Sud sudlanuvchi Z.Rajabovaga nisbatan jazo tayinlash masalasini muhokama qilib, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitni, jinoyat sodir etish paytidagi va sodir etilganidan keyingi xulq-atvorini, mazkur jinoyat voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilganligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili da`vo qilib sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini talab qilganligini inobatga olib, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, sodir bo`lgan holatlar qay darajada voyaga etmaganning hayotiga va ruhiy holatiga salbiy ta`sir qilganligini huquqiy baholab, uning qilmishini jazoga sazovor va uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emas degan to`xtamga kelgan bo`lsa-da, sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan jinoyat uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar toifasiga kirishini, sudlanuvchining uncha og`ir bo`lmagan jinoyatni birinchi marotaba sodir etganligini, uning ayolligini va qaramog`ida 1 (bir) yoshga to`lmagan farzandi borligini shuningdek, JKning 50-moddasining 10-qismida qasddan uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo uch yoshga to`lmagan bolalari bor ayollarga nisbatan tayinlanmasligi qayd qilinganligini inobatga olib, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK 110-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan kunning kech soat 21:00dan ertalab soat 7:00gacha yashash joyidan chiqishni cheklagan holda 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jazo o`tash davrida Rajabova Zarina Sayodovnaning zimmasiga jabrlanuvchi  Sh.Rashidovaning bitgan yarasini yangilamaslik hamda sudlanuvchi bilan uchrashuvi uning ruhiy holatiga salbiy ta`sir ko`rsatishini oldini olish maqsadida o`gay qizi va uning oila a`zolari bilan uchrashmaslik, ular bilan aloqa o`rnatmaslik kabi majburiyat ham yuklatildi.

    Boshqa yangiliklar