AsosiyJamiyat

DXX: Davlat chegarasiga yaqin hududda yashirin er osti yo`llari qazigan shaxslarga sud hukmi o`qildi

'DXX: Davlat chegarasiga yaqin hududda yashirin er osti yo`llari qazigan shaxslarga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon va Namangan viloyatlari bo`yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan joriy yilning 22 yanvar kuni o`tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi chet el valyutalarini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug`ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yilib, ularning navbatdagi 1 mln. 641 ming 106 AQSh dollarini Qirg`iziston Respublikasiga noqonuniy chiqarish rejasi fosh etilgan edi.

Tezkor tadbir davomida Qo`rg`ontepa tumanining Qorasuv shahridagi Z.M.Bobur MFYda yashovchi, 1990 y.t. guruh a`zosining yashash manzili ko`zdan kechirilganda, uning hovlisida eni 1m2, chuqurligi 12-12,5 metr va uzunligi 150 metr bo`lgan, Qirg`iziston Respublikasiga noqonuniy o`tish uchun maxsus qazilgan er osti yo`li borligi ma`lum bo`ldi.

Bundan tashqari, mazkur tumanning Birlik MFYda joylashgan, guruh a`zolaridan yana biriga tegishli xonadon hovlisida esa eni 1m2, chuqurligi 10-12 metr, uzunligi 400-420 metr atrofidagi ikkinchi er osti yo`li borligi aniqlangan edi. Ushbu er osti yo`liga qo`lbola po`lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha o`rnatilgan.

Ta`kidlash lozimki, 2 nafar O`zbekiston Respublikasi va 6 nafar Qirg`iziston Respublikasi fuqarolaridan iborat uyushgan jinoiy guruhga 1974 yilda Qirg`iziston Respublikasida tug`ilgan shaxs etakchilik qilgan.

Guruh a`zolari huquq-tartibot idoralari e`tiboriga tushmaslik maqsadida, o`zaro muloqotda shartli so`zlashuv usulini qo`llashgan va Andijon viloyatidagi “Do`stlik” chegara-bojxona postidan deklarasiya to`ldirgan holda katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini mamlakatimiz hududiga olib kirib, so`ngra pullarni er osti yo`li orqali Qirg`izistonga qaytarib, olib chiqib ketishgan. To`ldirilgan deklarasiyadan esa Toshkent va Qo`qon shaharlaridan xorijiy valyutalarni tashishda yo`llarda kuzatiladigan ehtimoliy tekshiruvlarda foydalanishgan.

Holat yuzasidan guruh a`zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida ularning noqonuniy faoliyatlari ashyoviy dalillar asosida o`z isbotini topdi.

Joriy yilning 25 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Norin tuman sudining hukmiga ko`ra, qonunbuzarlarga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 5 fevral kuni o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Qo`rg`ontepa tumanining Qorasuv shahridagi Z.M.Bobur MFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo`shni davlat hududiga olib o`tuvchi yashirin er osti yo`li borligi aniqlandi.

U ham qirg`izistonlik shaxslar bilan o`zaro til biriktirib, o`zbek-qirg`iz davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanali ostidan o`tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo`lgan er osti yo`li qazib, uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan ta`minlovchi uskunalar bilan jihozlagan.

Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu uchta er osti yo`llari orqali katta miqdordagi chet el valyutalari O`zbekistondan qo`shni davlatga olib chiqilib, turli xil tovar-moddiy boyliklar mamlakatimizga olib kirilgan.

Ta`kidlash lozimki, qo`zg`atilgan jinoyat ishlari bo`yicha olib borilgan tergov harakatlari doirasida joriy yilning aprel oyida Qirg`iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari nomiga, aniqlangan uchta er osti yo`llarining Qirg`iziston tomonida joylashgan manzillari va ularning tashkilotchilari to`g`risida tegishli ma`lumotlar yuborilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rish so`ralgan.

Keyinchalik, joriy yilning may-iyun oylarida qo`shni davlat vakillari tomonidan o`z hududlarida o`tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu yashirin er osti yo`llari faoliyatiga chek qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar