Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati shifoxonalaridan birida sodir bo`lgan voqea, ya`ni ona o`z kasalmand bolasini ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan video barchani larzaga soldi. Bu bizga ma`lum bo`lgan holatlardan biri xolos. Lekin to`rt devor orasida yashirincha sodir bo`layotgan holatlar ham bor ekanini barchamiz bilamiz. Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab, bolalarga nisbatan qilinayotgan zo`ravonlik holatlariga qo`l siltab, “menga nima” qabilida ish ko`radiganlar ham yo`q emas.
Mazkur Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo`lgan holatni olsak, palatada ona boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bor edi. Ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar eshitishmadimi? Nega darhol bolani ona qo`lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmadi?
BMTning Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiyasining 19-moddasida ishtirokchi-davlatlar bolani jismoniy va ruhiy zo`ravonlikning, haqoratlash va suiiste`molliklar, g`amxo`rlik ko`rsatmaslik yoki beparvolik bilan muomalada bo`lish, qo`pol muomala qilish yoki ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida g`amxo`rlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatasiya qilish, jumladan, shahvoniy suiiste`molliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoyalash maqsadida jamiki zarur qonuniy, ma`muriy, ijtimoiy va ma`rifiy chora-tadbirlarni ko`rishi kerakligi belgilangan.
O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunining 10-11 moddalariga muvofiq, davlat bolani zo`ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo`ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo`pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o`rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Bola ota-ona va ota-onaning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste`molchilikdan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sog`lig`iga xavf tug`ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo`lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma`lum qilishlari shart. Shunday ma`lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha zarur choralar ko`rishi shart.
Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar bo`lishiga qaramay bolalar baribir aziyat chekishyapti. "Ota-onalar"ning zo`ravonlikka yo`l qo`yishi, farzandiga nisbatan qo`pol va shafqatsiz muomala qilishlari – kechirib bo`lmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan mas`uliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur.
Aks holda davlat bolalarni zo`ravonlik va kuch bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan farzandini olib qo`yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo`ladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari bo`yicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni to`g`ri deb hisoblaydi.
Oxir-oqibat jamiyatimiz ham bolalarga nisbatan zo`ravonlikka yo`l qo`yilmasligini va bu aslo qabul qilinmasligini e`lon qilishi kerak. Bolaning begonasi bo`lmaydi. Shunday holatga duch keldingizmi, darhol chora ko`ring. Jamoatchilik nazoratining kuchi faqat ijtimoiy tarmoqlarga tarqatiladigan videolardan keyingina ishlashi kerak emas. Bolalar uchun har birimiz mas`ulmiz!






