Yanvar-may oylaridagi O`zbekiston bo`yicha 61 ta dehqon bozorida sanitariya me`yorlari va qoidalari, shuningdek, gigienik normativlar buzilgani aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemitdogik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Maftuna Saidova AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ma`lum qildi.
Uning so`zlariga ko`ra, mamlakat bo`ylab 279 ta dehqon bozoriga biriktirilgan 558 nafar sanitariya xizmati xodimi monitoring olib bormoqda.
Besh oy davomida savdo markazlari o`rtasida aravalarda go`sht, sut, shirinlik, salat va non mahsulotlarini maxsus liboslarsiz, sanitariya me`yorlariga rioya qilmagan holda sotayotgan 158 nafar fuqaro aniqlandi. Tibbiy ko`rikdan o`tmagan 72 nafar sotuvchi aniqlandi va savdodan chetlashtirilib, ko`rikdan o`tkazish uchun yuborildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 73 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma`muriy bayonnomalar tuzilib, sudlarga taqdim etildi.
Ko`rib chiqilayotgan davrda dehqon bozorlari peshtaxtalaridan yaroqlilik muddati o`tgan, sifati tasdiqlanmagan va organoleptik xususiyatlari bo`yicha standartlarga javob bermaydigan qariyb 440,2 tonna oziq-ovqat mahsulotlari olib tashlandi va brakka chiqarildi.
Matbuot kotibi bozorlarni tashkil etishning asosiy muammolarini sanab o`tdi:
- 56 ta bozor suv ta`minoti tarmog`i bilan ta`minlanmagan: Samarqand viloyatida — 53 tadan 24 tasi, Jizzaxda — 23 tadan 7 tasi, Qashqadaryoda — 17 tadan 6 tasi;
- 152 ta bozorda kanalizasiya tarmog`i mavjud emas: Samarqand viloyatida — 43, Jizzaxda — 18, Andijonda — 17;
- 88 ta ob`ektda go`sht sotish uchun maxsus jihozlangan pavilonlar mavjud emas: Samarqand viloyatida — 22 ta, Jizzax va Surxondaryoda — 11 tadan;
- 123 ta bozorda sut va sut mahsulotlari sotish pavilonlari mavjud emas: Samarqandda 31 ta, Surxondaryoda 13 ta, Toshkent viloyatida 12 ta.
- 30 ta bozorda veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari mavjud emas: Samarqand viloyatida — 9, Farg`onada — 3, Jizzaxda — 7.
- 11 ta bozorda chiqindilarni vaqtincha saqlash joylari mavjud emas, shu jumladan Qoraqalpog`istonda 3 ta, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida 2 ta bozorda.
- 61 ta bozorda dezinfeksiya va dezinseksiya xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha shartnoma tuzilmagan.






