2022 yil 15 iyundan Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari navbatchilik qismlarida "1215" qisqa raqamli telefoni tarmog`i faoliyati tashkil etildi.
Ma`lum qilinishicha, “qisqa raqamli telefon” orqali – fuqarolarning, shuningdek, Milliy gvardiya bo`linmalari shaxsiy tarkibi va ularning oila a`zolarining qo`ng`iroqlari qabul qilinadi, ro`yxatga olinadi va har kuni soat 09:00ga qadar birinchi rahbarga ko`rib chiqish uchun kiritiladi.
Shuningdek, hududiy boshqarmalar boshliqlari o`z vakolati doirasida qisqa raqamli telefon orqali tushayotgan qo`ng`iroqlar masalasini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko`rib chiqilishini va hal etilishini ta`minlaydilar.
“Qisqa raqamli telefon” – fuqarolarning Milliy gvardiya tizimiga xabari va ma`lumotini og`zaki shaklda real vaqt rejimida qabul qilish uchun mo`ljallangan telefon aloqasining (ko`p kanalli) maxsus liniyasi hisoblanadi. Fuqarolarning Milliy gvardiya organlaridan amaliy yordam ko`rsatishni so`rashi, buzilgan huquqlarini himoya qilishni talab qilishi, tizim faoliyatiga oid tavsiyalar berishi hamda voqea (hodisalar) haqida xabar berishi mo`ljallangan.
Jinoyatlar va ma`muriy huquqbuzarliklar haqida xabarlar – jinoyat va ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi qonun hujjatlarida belgilangan huquqbuzarlikning sodir bo`lgani (sodir etilishi) haqida ma`lumotlardan iborat bo`lgan, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining (329-moddasi) va O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (305-306-moddalari) belgilangan tartib va muddatlarda ko`rib chiqiladigan xabar;
Anonim qo`ng`iroqlar “qisqa raqamli telefon” orqali familiyasi, ismi, otasining ismini, yashash joyi to`g`risidagi ma`lumotlarni, javob yuborish uchun pochta manzilini, qayta bog`lanish uchun telefon raqamini ma`lum qilmagan, shuningdek, so`zlashuv mohiyati va mazmunini bayon qilinmagan qo`ng`iroqlar ko`rib chiqilmaydi.
“Qisqa raqamli telefon” navbatchilik qismlarida 24 soat mobaynida tunu–kun faoliyat olib boradi.
Qo`ng`iroqlarni qabul qilish davomiyligi – 20 daqiqadan oshmasligi lozim, ushbu muddat tugagandan keyin qo`ng`iroq avtomatik tarzda aloqa tarmog`idan uziladi.
“Qisqa raqamli telefon”ga tushgan qo`ng`iroq bo`yicha har kun ertalab soat 09:00 dan kechiktirmay – Milliy gvardiya bo`linmalari rahbarlariga (hududiy boshqarma boshlig`iga) yozma axborot beriladi.
“Qisqa raqamli telefon”ning maqsadi:
- Milliy gvardiya tizimiga qo`ng`iroq qilishning texnik imkoniyatlarini kengaytirish va muloqotning qulay mexanizmini joriy etish;
- Milliy gvardiya vakolatiga kiradigan masalalarni va muammolarni tezkorlik bilan hal etish, shu jumladan jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalanish;
- fuqarolarning Milliy gvardiya bo`linmalari shaxsiy tarkibi tomonidan buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonun ustuvorligini ta`minlash;
- aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining Milliy gvardiya bo`linmalari tomonidan xizmat ko`rsatilishi uchun sarflanadigan vaqti va moliyaviy xarajatlarini kamaytirish.
“Qisqa raqamli telefon” quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
- qo`ng`iroq qiluvchilarni Milliy gvardiya faoliyatiga oid ochiq axborotlar bilan ta`minlash;
- fuqarolarga Milliy gvardiya tizimiga shikoyat qilish tartibi to`g`risida ma`lumotlar berish;
- aholiga huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berib borish.
- qonunchilik hujjatlariga zid kelmaydigan holatlarda so`zlashuvlarni yozish va identifikasiyalash mexanizmlaridan foydalanish.
Eslatib o`tamiz, qo`ng`iroqlar butun O`zbekiston Respublikasi barcha hududidan 1215 yagona raqam orqali qo`ng`iroq qilish yo`li bilan “bepul” amalga oshiriladi.






