Hukumat qarori (328-son, 13.06.2022 y.) bilan Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan o`zaro hamkorlik qilish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi
Asosiy maqsad NNTning xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari tomonidan yuridik va texnik yordam ko`rsatish, loyihani aholining ijtimoiy muammolarini samarali hal etishga yo`naltirishda uslubiy ko`mak ko`rsatishdan iborat.
Nizomga muvofiq:
- nodavlat notijorat tashkilotining xalqaro grant loyihasiga tegishli sohada vakolatli davlat organi milliy hamkor sifatida jalb etiladi;
- milliy hamkor xalqaro grant loyihasining samarali amalga oshirilishini ta`minlash, loyihani amalga oshirishda vujudga keladigan muammolarni tezkor hal etish, loyihaning mazmunidan kelib chiqib uni amalga oshirishda boshqa davlat organlarini jalb qilish va boshqa vazifalarni bajaradi;
- xalqaro grant loyihasini amalga oshirishda NNTga davlatning ko`magini samarali tashkil etish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti bilan kelishilgan holda “yo`l xaritasi” tasdiqlanadi.
Nizom bilan davlat organlari zimmasiga nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuklatildi.






