Milliy gvardiya 19 iyun kuni “Bunyodkor” stadionida 23 yoshgacha bo`lgan o`smirlar o`rtasidagi Osiyo kubogi-2022 musobaqasining final o`yini bo`lib o`tishi munosabati bilan futbol muxlislariga murojaat qildi.
Milliy gvardiya stadionga keladigan muxlislarga o`zini tutish madaniyatini yodda tutishni, hakamlarga, futbolchilarga, jumladan, raqib jamoaga, stadion texnik xodimlariga hurmat ko`rsatish zarurligini, tozalik va jamoat tartibini saqlashni eslatib o`tgan.
«Stadionga taqiqlangan narsalarni: qurol-yarog`, tez yonuvchi moddalar va buyumlar, dori vositalari (resept yoki uning nusxasi ko`rsatilganda shifokor ko`rsatmasi bo`yicha belgilangan miqdorda dori vositalaridan tashqari), oziq-ovqat va idishlarni; texnik jihozlar (mobil telefonlardan tashqari), himoya vositalari, xizmat asboblari va sport anjomlarini olib kelmang», — keltiriladi xabarda.
Bundan tashqari, ishqibozlardan shubhali narsalar, shuningdek, jamoat tartibini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlariga yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga xabar berish so`ralgan.
«Hurmatli muxlislar! Sizlarni madaniyatga chaqiramiz: o`yinning borishidan, urilgan gollar yoki o`tkazib yuborilgan gollar sonidan qat`i nazar, odobsiz so`zlarni ishlatmang va bundan tashqari tartibsizliklarga olib keladigan chaqiriqlar, o`yinning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilmang.
Jamoat tartibini buzish, tosh va boshqa narsalarni otish, haddan tashqari his-tuyg`ularni ushlab turolmaslik va bundan tashqari, hujum bilan nizo qo`zg`atish sportchilar uchun yordam emasligini yodda tuting. Qolaversa, muxlislarning xulq-atvori sportchilarimizga va umuman davlatga bo`lgan munosabatga bevosita ta`sir qiladi», — deyilgan xabarda.
Milliy gvardiya axborot xizmati, xususan, bezorilik, jamoat joylarida uyatli so`zlar bilan so`kinish, Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmaslik tegishli tartibda javobgarlikka tortilishini qayd etgan.






