G`oyaga qarshi g`oya, jaholatga qarshi ma`rifat targ`iboti yordamida faol kurashamiz
Barchamizga ma`lum dunyoda mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy vaziyatini beqarorlashtirishga qaratilgan muayyan diniy ekstremistik oqimlar va terrorchilik harakatlari mavjud. Ular juda xavfli. Negaki bunday toifalar tomonidan u yoki bu davlatda jismoniy yoki yuridik shaxslarni biron-bir harakat sodir etishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlat suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish va aholi xavfsizligiga putur etkazishga urinishlar bo`lishi mumkin. Afsuski, bizning ham farovon aholimiz tinchligiga ko`z olaytirayotgan kimsalar uchrab turibdi. Ular goh internet orqali, goh sodda, tushunchasi kam aholi orasiga kirib, o`zlarining ig`vo va fitnalarini singdirishga harakat qilishmoqda. Ana shunday guruhlarning tuzog`iga tushib, ayrim yoshlar internet orqali urush bo`layotgan hududlarga «verbovka» qilinayotgani va «manipulyasiya» orqali boshqarilib, o`shalarning buyurtmasi asosida faoliyat olib borayotgani achinarlidir.
Bunday xatti-harakatlarda gumon qilinganlarning ayrimlari qo`lga olinib, ayblari isbotlanayotgani va jazolanayotgani haqida OAV orqali kuzatib boryapmiz.
Bunday radikal oqimlar va diniy fanatizm tashviqotchiligiga qarshi kurash ayni paytda nafaqat davlat va huquq-tartibot organlarining, balki OAV xodimlarining ham muhim vazifalaridan biri bo`lib turibdi.
O`zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda EHXTning O`zbekistondagi loyihalar koordinatori hamkorligida “Davlatning jamiyatdagi roli va dinning inson hayotidagi o`rni” mavzuida jurnalistlar, matbuot kotiblari va blogerlar uchun seminar-trening o`tkazildi. Unda xalqaro toifadagi media-trenerlar Ya. Mamatova, X. Abduraimov hamda terrorizmga qarshi kurash bo`yicha faoliyat olib boruvchi NNT rahbari V. Mixaylov taqdimotlari tinglandi.
Seminar-treningda ishtirokchilarga "Terrorizmning oldini olishda OAV va fuqarolik institutlarining roli" nomli qo`llanma tarqatildi. Ushbu qo`llanma EHXTning O`zbekistondagi loyihalar koordinatori ko`magida O`zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan nashrga tayyorlangan. Kitobda B. Alimov, S.Arifxanova, B. Babadjanov, M. Abdullaeva, G. Alimova, M. Saidova kabi taniqli ustoz jurnalistlarning maqolalari jamlangan.
Ushbu qo`llanma jurnalistlar, media-ekspertlar, NNT tashkilotlari, mahalla faollari, blogerlar va OTMlarning jurnalistika fakulteti talabalari uchun mo`ljallangan.
Unda OAV va fuqarolar jamiyati faoliyatining o`ziga xos ba`zi jihatlarini ko`rib chiqish, radikalizm, ekstremizm, terrorizm tushunchalariga ta`rif berish barobarida, virtual muhitda ekstremistik faoliyatning sabab va oqibatlari, buzg`unchi tashviqot vositasida ayollar va yoshlarni ekstremistik terrorchi guruhlarga jalb etish usullari ochib berilgan. Internet resurslaridan foydalanib, tahdidlarning oldini olish bo`yicha tavsiyalar keltirilgan.
Gulnora BOBOJONOVA, O`zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari:
–Keyingi yillarda dunyo bo`ylab keng tarqalgan terroristik xavf o`zining shafqatsizligi, hiyla-nayranglari va faolligi bilan barchani tashvishga solyapti. Voqealarning bunday rivoji va terrorchi tashkilotlarning xatti-harakatlari, ularning fuqarolar ongiga ta`sir qilish borasidagi destruktiv uslublari bu xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo`yicha ko`proq samarali choralar ko`rish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Shu sababdan davlat tuzilmalari bilan bir qatorda bu ishga ommaviy axborot vositalari ham keng jalb etilgan. Bu faoliyatning samaradorligi uchun OAV vakillari ham fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishlari zarur. Ya`ni bu yo`nalishda diniy ekstremistik oqimlarning mafkuraviy va psixologik ta`sir ko`rsatish qurollarini o`rgangan holda aniq profilaktik ta`sirchan uslublar vositasida, g`oyaga qarshi g`oya, jaholatga qarshi ma`rifat targ`iboti yordamida faol kurash olib borish kerak.
Jurnalistlar seminar-trening jarayonida media-trenerlar hamda soha ekspertlari tomonidan havola etilgan multimedia vositalari, mashg`ulotlardagi fikr-mulohazalar, maqola va xabarlar tahlili yordamida o`z bilim va ko`nikmalarini mustahkamlab oldilar. Ularga kelgusida yoritiladigan materiallarning sifati va samaradorligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Manzura BEKJONOVA.






