Bu haqda huququshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiev o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozmoqda.
Mana, 20 iyun ham keldi. Soat millari 00:01 ni ko`rsatmoqda. Prezident qaroriga ko`ra, bundan buyon OTMlarga qabul 20 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.
Boshqacha aytganda bugundan abiturientlarni onlayn ro`yxatga olish boshlanadi.
DTMning xabar berishicha, abiturientlarni ro`yxatga olish o`tgan yillardagidek my.dtm.uz sayti yoki my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladi (sizlarga DTM saytidan ro`yxatdan o`tishni maslahat beraman).
Ammo hozirda to`laqonli ro`yxatdan o`tishning imkoni yo`q. Chunki Davlat qabul komissiyasi hali kvotalarni tillar kesimida tasdiqlamadi, bundan tashqari moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlarning kontrakt kvotalari ham tasdiqlangani yo`q. Ya`ni garchi Prezident qarorida umumiy kvotalar tasdiqlangan bo`lsa-da, lekin o`zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillarga nechta joy berilishi aniq emas, busiz abiturientlar yo`nalish tanlay olmaydi.
Demak, hozir abiturientlar faqatgina pasport ma`lumotlari, doimiy yashash manzili va tugatgan ta`lim muassasasi bo`yicha ma`lumotlarni kiritishlari, shuningdek, imtiyozlari mavjud bo`lsa, ularni tekshirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo`lsa, sertifikat ma`lumotlarini kiritishlari mumkin.
Lekin 5 ta yo`nalish tanlay olishmaydi. Qachon kvotalar tillar kesimida tasdiqlansa, shundan keyingina yana bir marta saytdagi shaxsiy profiliga kirib, qaysi OTMlarga topshirmoqchiligini belgilashlari kerak.
Xullas, hozir ayni daqiqalardan qabul boshlandi. Lekin bu chala qabul. To`laqonli qabul boshlanganda yana qo`shimcha xabar beriladi, - deyilgan xabarda.






