Prezident Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Xabaringiz bor, biz xalqimiz bilan maslahat qilib, Yangi O`zbekistonni barpo etish bo`yicha keng qamrovli islohotlarni boshladik. Eng muhimi, o`tgan 6 yil mobaynida butun jamiyatimiz qayta uyg`ondi, odamlarimiz yangicha fikrlash, ishlash va yashashga intilmoqda.
Bugun mana shu demokratik yangilanish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat berish, islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish zarurligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz", - dedi prezident.
Ma`lum qilinishicha, so`nggi yillarda fuqarolar tomonidan amaldagi Konstitusiyani yanada takomillashtirish bo`yicha ko`plab taklif va mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, o`tgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi ko`tarilgan.
Saylovchilarning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitusiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Qisqa davrda Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
“Barcha fuqarolarimiz kabi men ham bu muhim jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Aholimiz, jamoatchiligimiz vakillarining konstitusiyaviy islohotlarga befarq bo`lmasdan, o`z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani barchamizni quvontiradi. Albatta, konstitusiyaviy islohotlarimiz Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega bo`lgan masaladir. Shu bois, bugun siz, hurmatli komissiya a`zolari bilan bevosita uchrashib, fikr almashishni zarur, deb hisobladim. Biz Konstitusiyani takomillashtirish bo`yicha yangi va juda mas`uliyatli bosqichga qadam qo`ymoqdamiz, - dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, bugungi kun holatiga ko`ra, Komissiyaga fuqarolardan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgan. Konstitusiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o`tkazildi va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o`tkaziladi.






