1

Shavkat Mirziyoev va Ilhom Aliev tor doirada uchrashuv o`tkazdi

Siyosat 21.06.2022, 18:59
Shavkat Mirziyoev va Ilhom Aliev tor doirada uchrashuv o`tkazdi

Ko`ksaroy qarorgohida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev tor doirada uchrashuv o`tkazdilar.

Davlat rahbarlari O`zbekiston va Ozarbayjon o`rtasidagi ko`p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. Qo`shma korxonalar soni 4 barobar ko`paydi.

2021 yil sentyabr oyida Ozarbayjonda mamlakatimiz avtomobillarini yig`ish korxonasining ishga tushirilgani muvaffaqiyatli qo`shma loyihalardan biri bo`ldi. Tashrif arafasida o`tkazilgan biznes forumida umumiy qiymati yarim milliard dollarlik yangi investisiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O`zbekiston va Ozarbayjon etakchilari uchrashuv chog`ida ikki mamlakat hududida neft-gaz, gaz-kimyo, to`qimachilik, farmasevtika, vinochilik va oziq-ovqat tarmoqlarida sanoat kooperasiyasi istiqbollarini muhokama qildilar.

Transport kommunikasiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Transport yo`laklarini rivojlantirish, yuk tashish tariflarini maqbullashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, birgalikdagi ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarni o`tkazish, sayyohlar almashinuvini ko`paytirish muhim ekanini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashib, ko`p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqot va o`zaro qo`llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1