2022-yilning boshlarida Eltuz va Uzmetronom nashrlari Mass-media fondi raisi Komil Allamjonovni 4,2 million dollarlik tilla va brilliant buyumlarni bojsiz olib kirishda ishtirok etgani iddao qilingan maqolalar e`lon qilgan edi.
Shundan so`ng Komil Allamjonov buni tuhmat deb atab, “Uzmetronom.com” sayti asoschisi Sergey Ejkov ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga arz qilgandi.
21-iyun kuni Eltuz nashri maqoladagi iddaolar “to`liq tasdig`ini topmagani vajidan” o`z sayti va tarmoqlardagi barcha sahifalaridan olib tashlaganini ma`lum qildi. Shuningdek, tahririyat maqolani qayta chop etgan nashrlar, jumladan, Uzmetronom sayti va unga Twitter'da havola bergan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotini o`z qaroridan rasman xabardor qilgan.
“Maqolani bo`lishgan boshqa nashr va akkauntlarning ko`pchiligiga bu borada rasmiy bildirgi yo`llandi. Ushbu bayonot bilan maqolani chop etishdan hech bir shaklda hech bir shaxsni obro`sizlantirish yoki unga tuhmat qilish qasd etilmaganini ta`kidlagan holda uni bo`lishgan, qayta chop qilgan boshqa nashr, kanal va sahifa egalaridan maqolani olib qo`yishlarini so`raymiz.
Maqoladagi iddaolarni qayta tekshirish jarayonida biz bilan o`zaro tushunish asosida hamkorlik qilgan tomonlar, nashrlar va yakuniy qarorimizni hurmat qilgan Eltuz o`quvchilariga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shuningdek, tahririyat reputasion zarar uchun maqolada ko`rsatilgan shaxs Komil Allamjonovdan uzr so`ragan holda, uning O`zbekistonda so`z erkinligini ta`minlash yo`lidagi sa`y- harakatlariga omad tilaydi.
Tahririyat Germaniya qonunchiligi asosida sud tomonidan tayinlanishi mumkin bo`lgan jarimani to`lashga tayyorligini bildiradi”, – deyiladi Eltuz nashri xabarida.
Buning ortidan Komil Allamjonov videomurojaat qilib, o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
“So`z erkinligi hamma xohlagan narsasini gapirishi mumkin degani emas: shaxsning qadr-qimmati, biror bir shaxs haqidagi ma`lumot berilsa, u albatta ishonchli dalillarga suyanilgan bo`lishi kerak. Tuhmat, haqorat hech qaysi davlatda, hech qaysi jamiyatda mumkin emas. Bunga javobgarlik belgilangan. Shu jumladan O`zbekiston qonunchiligida ham.
O`ylaymanki, men bilan bog`liq holatlar barcha uchun namuna bo`ladi. Yana bir marta aytaman, so`z erkinligi bu hamma narsa mumkin degani emas, uning tartib-qoidasi bor, o`ziga yarasha etikasi bor. Unga amal qilsakkina biz hech qachon yutqazmaymiz”, – dedi Allamjonov.