Bir fuqaro (ayol) Bektemir tuman IIO FMB boshlig`iga ariza bilan murojaat qiladi. O`z arizasida ikki nafar ayol uni aldab, Dubayga fohishalik bilan shug`ullanish uchun yuborayotganligini ma`lum qilgan... Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, uch nafar ayol bir guruh bo`lib arizachiga Dubaydagi mehmonxonalarda fohishalik bilan shug`ullanish orqali moddiy mablag` orttirishlikni taklif qilishadi. Fuqaro ularni taklifiga rozilik bergunga qadar esa uchib ketish hujjatlarini tayyorlab qo`yadi. Arizachidan foydalanish maqsadida ya`ni, uni yollash – fohishalik bilan shug`ullanishi uchun Dubayga yuborayotgan vaqtlarida Toshkent halqaro aeroportida tezkor tadbir davomida qo`lga olingan.
Ayollardan ikki nafari 49 yoshni qoralagan, uchinchisi esa 69 yosh. Har biri ikki nafar farzandning onasi. Eng hayratlanarlisi shundaki, 49 yoshli ayollardan biri muqaddam qo`shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash jinoyatini sodir qilib sudlangan. Xulosa qilib, to`g`ri yo`ldan yurish o`rniga yana boshi berk ko`chani tanlagani kishini o`yga toldiradi.
“Nima qilishimni bilmay, Bektemir tuman IIO FMBga bordim...”
Sud majlisida har uchchalasi aybiga qisman iqrorlik bildirdi. So`roq qilingan jabrlanuvchi esa quyidagilarni ma`lum qildi...
— Qizimning operasiyasi uchun order olti oydan so`ng berilishini bilgach, uyga yig`lab ketayotgan vaqtimda uch yildan buyon tanish bo`lib qolgan 49 yoshli ayolni ko`rib qoldim. Salomlashganimda ko`nglim buzulganini sezib, nimadan hafa ekanimni so`radi. “Qizimning operasiyasi uchun pul kerak. Tayinli joyda ishlamasam, biror tanishingiz bo`lsa ishga joylashishimda ko`mak bering”, dedim. Shunda u egizak opasining tanishi borligini, u Dubaydagi mehmonxonada O`zbekistondan borgan yosh qizlarni fohishalik bilan ishlatishini aytdi. Agar xohlasam shu tanishi orqali meni Dubayga yuborishini va yaxshigina daromad topishim mumkinligini bildirib, roziligimni so`radi. Qizimning operasiyasi uchun pul juda zarurligi bois fohishalik bilan shug`ullanishga ham rozi ekanimni ma`lum qildim. Shu kuniyoq tanishimning opasi qo`ng`iroq qildi. Hujjatlarni o`zlari tayyorlashini va Dubayga borish uchun ketadigan xarajatlarni to`lamasligimni aytdi. Bir oyda 1000 AQSh dollari atrofida pul topishimni, faqat ish topib berishgani uchun ularga har oyda 250 AQSh dollari berib turishimni bildirishdi. Gaplarini eshitib, “o`ylab ko`raman”, dedim.
Shu kuni opa-singillarning tanishi qo`ng`iroq qildi. 69 yoshli bu ayol meni Dubayga o`zi jo`natishini, ish bilan ta`minlashini va mijozlarga qanday “xizmat ko`rsatishim”ni tushuntirdi. Uyimga esa egizak opa-singillarning kichigi kelib, chet elga chiqishga ruxsat beruvchi pasportimni unga berishimni, Dubayda deportim bor yoki yo`qligini tekshirishini aytdi. Shu sababli unga pasportimni berdim, ketdi.
Ertasi kuni 69 yoshli ayol qo`ng`iroq qilib, deport aniqlanmaganini, Dubayga uchib ketishim uchun samalyotga chipta olganini va sug`urta hujjatlarini ham tayyorlab qo`yganini aytdi. Gaplarini eshitib, “qanday qilib, rozilik bildirmasimdan avval hujjatlarimni rasmiylashtirdingiz?” deya so`raganimda ayol “rozilik ham kutib o`tirmaymiz, buni o`yin deb o`ylasangiz xato qilasiz. Uchishga tayyor turing”, deganida jaxlim chiqib telefonni o`chirib ko`ydim. Ayolning gaplarini tekshirish maqsadida opa-singilga qo`ng`iroq qilganimda tasdiqlashdi. Ulardan biri agarda Dubayga ketadigan bo`lsam, ketgunimga qadar pasportim ularda turishini aytganida jaxlim chiqib, ularni haqoratladim. Jahl ustida ularning oldiga yo`l oldim. Ketayotgan vaqtimda o`yin qilishayotganligini bilib, opa-singillar bilan o`rtamizda bo`ladigan suhbatni yozib olish uchun diktafon yoqib qo`ydim. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ma`lum miqdorda pul sarflashganini, endilikda ushbu pullarni to`lab berishim kerakligini aytishdi. Ertasi kuni yana ularning oldiga bordim, pasportimni qaytarib berishdi.
So`ng opa-singillar tinmay qo`ng`iroq qila boshlashdi. Kechga yaqin qo`ng`iroqqa javob bergan vaqtimda gaplashib olishni taklif qilishdi. Oldilariga ketayotgan vaqtimda suhbatni yozib olish uchun diktafonni yoqib oldim. Nima sababdan Dubayga borib fohishalik bilan shug`ullanishdan bosh tortayotganimni, hujjatlar rasmiylashtirilgani, borib pul ishlab kelishimni aytishdi. Agarda Dubayda ular uchun fohishalik bilan shug`ullanmasam, Toshkentda opa-singillarning qo`lida fohishalik qilib, pullarni to`lab berishimni aytishdi...
Oradan bir necha kun o`tib, 69 yoshli ayol qo`ng`iroq qilib, tibbiy tekshiruvlardan o`tishim uchun egizak opaga pul jo`natganini, barcha tibbiy tekshiruvlardan o`tib Dubayga ketishga tayyor turishimni aytdi. Nima qilishimni bilmay, Bektemir tuman IIO FMBga bordim...
Tezkor tadbirga ko`ra, egizak opa bilan uchrashish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga bordim. O`sha erda koronavirus tekshiruvlaridan o`tdim, haqini egizak opa yonidan to`ladi, xayrlashib ketdik. Shu kuni yana qo`ng`iroq qilib, bir mijozga “xizmat ko`rsatib”, unga pul ishlab ketishim kerakligini aytdi. Uning uyiga borganimda notanish erkak spirtli ichimlik ichib o`tirganini ko`rdim. Ularning oldiga kirishdan avval diktafonimni yoqib qo`ydim. Egizak opa va notanish erkak Dubayda qanday ishlash kerakligi, agarda aytilgan ishlarni qilmasam o`zimga yomon bo`lishini do`q qilib tushuntirishdi. Mendan Dubayga fohishalik bilan shug`ullanish uchun emas, balki do`konda sotuvchilik qilish uchun ketayotganim to`g`risida tilxat yozib berishimni so`radi, IIO FMBga bergan arizam yuzasidan holatlar tekshirilayotgani ma`lum bo`lib qolmasligini oldini olish uchun tilxat yozib berdim. Ular sarflagan pullarni Dubayda “ishlab” qoplamagunimga qadar belgilangan xonadan chiqmasligim va topgan pulimni qo`limga olmasligini aytishdi. Ertasi kuni tongda egizak opa bilan birga Toshkent xalqaro aeroportiga bordim. Shunga qadar egizak singil telefonda aloqada bo`lib, qaerda ekanim, nimalar bilan shug`ullanayotganimni bilib turishdi. Shu tariqa tazkor tadbir davomida ular qo`lga olindi.
SUD HUKM QILDI
Umidjon Xakimov, jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudisudyasi:
— Egizak opaga Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi “e” bandi bilan aybli deb topildi va JKning 57-moddasini qo`llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 60-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlari bo`yicha Bektemir tuman sudining 2020 yildagi hukmiga ko`ra, JKning 131-moddasi (qo`shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismi bilan tayinlangan ozodlikni cheklash jazosining o`talmay qolgan ozodlikni cheklash jazosini qisman qo`shish yo`li bilan unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi sud zalidan qamoqqa olindi.
Egizak opaga esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, sud zalidan qamoqqa olindi. 69 yoshni qarshi olgan sudlanuvchiga esa 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.