Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo`rg`on tumanidagi tug`ruqxonada shifokorlar aybi bilan homilador ayol vafot etganligi haqida xabar e`lon qilingan. Samarqand viloyat Prokuraturasi holat haqida ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 28 may kuni Kattaqo`rg`on shahar, A.Navoiy ko`chasida yashovchi fuqaro M.Ya. homiladorligi sababli Kattaqo`rg`on shahar tibbiyot birlashmasi tug`ruq bo`limiga murojaat qilgan. Shu kuni tug`ruq bo`limiga “Homiladorlik I, 38-39 hafta, 1-tug`ruq (33 yosh), tug`ruqni I davri, gistatsion anemiya engil darajasi” tashxisi bilan yotqizilib, kuzatuvga olingan.
Shundan so`ng, “Homila chanoq bosh disproporsiyasi. Homilani noaniq holati” tashxisi qo`yilib, hayotiy ko`rsatma sababli 29 may kuni kech soat 02:00 da homilador ayolning yaqin qarindoshlarini roziligi bilan kesar-kesish operasiyasi o`tkazilgan o`g`il homila operativ yo`l bilan tug`dirilgan. Ona va bolaning ahvoli yaxshi bo`lib, operasiyadan so`ng tug`ruq bo`limida kuzatuvda bo`lgan.
6 iyun kuni soat 15:10 da bemor M.Ya. Kattaqo`rg`on shahar tibbiyot birlashmasi “Reanimasiya” bo`limida “Ilk chilla davri. Kesar-kesish operasiyasidan keyingi holat (9 sutka). O`tkir o`pka-yurak etishmovchiligi. Poliorgan etishmovchiligi” tashxisi bilan vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 2022 yil 6 iyun kuni Kattaqo`rg`on shahar prokuraturasi tergovchisi va tezkor tergov guruhi a`zolari hodisa joyiga chiqib, hodisa joyini ko`zdan kechirishgan va M.Ya.ning o`limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasiga xizmat tekshiruvi tayinlanib, ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan.
Ushbu holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






