Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda Uchqo`rg`on tumanida yashovchi 1986 yilda tug`ilgan muqaddam Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan sudlangan fuqaro T.Sh. shaxsiy tintuvdan o`tkazilganda, uning yonida 10.600 AQSh dollari miqdoridagi qalbaki chet el valyutasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u qalbaki xorijiy valyutalarni Yangiqo`rg`on tumanida yashovchi, 1986 yilda tug`ilgan M.B.dan olganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi.
Aniqlanishicha, Qirg`iziston Respublikasi fuqarosi bo`lgan “Tinar” ismli shaxs tomonidan aylanma yo`llar orqali Yangiqo`rg`on tumani hududiga o`tkazilgan ushbu qalbaki valyutalar Toshkent shahrida muomalaga chiqarilishi kerak bo`lgan.
Hozirda holat yuzasidan T.Sh. va M.B.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






