Hukumat qarori (341-son, 21.06.2022 y.) bilan nogironligi bo`lgan yoshlarga o`qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Reglamentga ko`ra, nogiron yoshlarga nodavlat ta`lim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumta`lim fanlari va xorijiy tillarni o`rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha (15 mln so`mgacha) subsidiya ajratiladi.
Subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi yoki YaIDXP (https://my.gov.uz/uz) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro`yxatdan o`tiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
o`qish xarajatlari uchun subsidiya olishda:
-ariza bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikasiya raqami va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
-nodavlat ta`lim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini o`qitish to`g`risida shartnomaning elektron nusxasi;
yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya olishda:
-yo`l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari;
-ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qo`yilganligi haqidagi bildirishnomaning elektron nusxasi.
Davlat xizmati bepul ko`rsatiladi.
Ariza 3 ish kunida ko`rib chiqilib:
- subsidiya ajratish haqida elektron tizimga ma`lumot kiritiladi va bu haqida ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi;
- nodavlat ta`lim tashkiloti joylashgan hududdagi mahallaning yoshlar etakchisi zimmasiga ariza beruvchining nodavlat ta`lim tashkilotida o`qishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasi yuklatiladi.
Davlat xizmatlarini ko`rsatish jarayonida ariza beruvchilarga oid ma`lumotlar sir saqlanadi.
Hukumat qarori bilan shuningdek, Nogironligi bo`lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishning ma`muriy reglamenti ham tasdiqlandi.






