O`zbekiston va Turkiya Sog`liqni saqlash vazirliklari o`rtasida imzolangan o`zaro hamkorlik bo`yicha memorandumga ko`ra, dastlabki 25 nafar o`zbek shifokori Turkiyaga malaka oshirish uchun yuborildi. Vazirlik bundan xabardor qilmoqda.
Qayd etilishicha, 6 ta viloyatdan saralab olingan ushbu tibbiyot xodimlari Anqara shahridagi nufuzli klinikalarda bir oy davomida tajriba oshiradi. Ushbu o`quv kurslari yil davomida 3 marotaba o`tkazilishi rejalashtirilgan.
"Ushbu mutaxassislar yurtimiz hududlaridagi og`ir sharoitli va oqsayotgan tibbiyot muassasalaridan boshqaruv xodimi, shifokor va hamshiralardan iborat brigada shaklida tanlab olindi", — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig`i Umidulla Risqiev.
— Misol uchun, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ellikqal`a tuman tibbiyot birlashmasi rahbari, birlashmada faoliyat olib borayotgan shifokor va hamshira bitta brigada sifatida shakllantirilgan bo`lsa, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kattalar va bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot muassasalaridagi mutaxassislar shu tartibda saralab olindi.
Ta`kidlanishicha, malaka oshirish kurslariga jo`nab ketgan mutaxassislarning aksariyati o`z hududlarida zarur xirurgik yo`nalishlarda ish olib boruvchi tibbiyot xodimlari hisoblanadi. Ular orasida yuz jarrohlari, neyroxirurg, urolog, akusher-ginekolog kabi qator mutaxassislar borligi aytiladi.
Ma`lum qilinishcha, malaka oshirishga tanlov jarayonida shifokorlarning turk yoki ingliz tilida so`zlasha olishi, kreativ fikrlashi, yosh va bilimga chanqoqlik kabi sifatlari inobatga olindi.
"Ushbu kurslardan ko`zlangan asosiy maqsad Turkiyaning rivojlangan klinikalarida o`z yo`nalishi bo`yicha malaka oshirgan mutaxassislar olgan yangi bilimlarini o`z hududiga tatbiq qilish, mamlakatimizning chekka hududlarida yangi va zamonaviy davo usullarining kirib borishiga zamin yaratishdan iboratdir",- Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.