Biroz avval Toshkent shahar hokimining “Qo`yliq” bozorini davlat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi haqida qaror qabul qilgani xabar qilingandi.
Masala ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokama qilinayotgani sababli hokimligi rasmiy munosabat bildirdi:
"Ishlar doirasida, «Qo`ylik» dehkon bozorining to`liq hududi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi ko`zda tutilmagan. Asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o`rni qurilish jarayoniga jalb etiladi. Bunda, asosiy bino va savdo rastalarining aksariyati o`z joyida qoladi. Loyihaga ko`ra, jalb etiladigan hududning umumiy maydoni 10 ming kv.metr atrofida bo`ladi.
«Qo`yliq» buyum bozori ham to`liq olib qo`yilmaydi. Bu erda ham avtoturargoh hududi va bir nechta vaqtincha qurilmalarning o`rni ishlarga jalb etilib, ular uchun kompensasiya mablag`lari to`lab beriladi. Buyum bozorining ham asosiy paviloni o`z joyida qoladi. Avtoturargoh hududi bilan birga ishlarga jalb etiladigan umumiy maydon 6,3 ming kv.metrni tashkil etadi.
Ishlar yakunidan so`ng, bozorlarning avtoturargohi xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda tegishli ruxsatnoma bo`lsa, ko`prik va yondosh yo`llarning tayanch inshootlari ostida joylashtirilishi mumkin.
OAVda keltirilayotgan jadval faqatgina ob`ektlar haqidagi umumiy ma`lumotni aks ettirgan bo`lib, ular buzilishidan dalolat bermaydi.
Ushbu er maydonlari yo`l o`tkazgich, Bektemir yo`lidan TXAYga va TXAYdan Bektemir yo`liga (Farg`ona yo`lining davomi) tushuvchi yo`llar qurilishi sababli davlat va jamoat foydasiga jalb etilmoqda.
Ma`lumki, hozirgi kunda poytaxtimizda yo`l-transport infratuzilmasini jadal takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Ushbu yo`l o`tkazgich, shu jumladan, uning tarkibidagi yondosh yo`llar shaharga kirishda transport oqimini tezlashtirish, shaharga kirish qismida tirbandliklarning va avariyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi" deyiladi xabarda.






