Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida yuk aravachalari yo`qligi, odamlar yuklarni o`zlari tashiyotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Uzbekistan Airports holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bu vaziyat aeroportni bagaj aravachalari bilan ta`minlab kelgan Abadiya Trade kompaniyasi tomonidan shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga kelgan.
Ayni paytda Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroporti uchun yangi yuk aravalar xarid qilish orqali muammoni hal qilish choralarini ko`rayotgani aytilmoqda.
"Yaqin kunlarda aeroportga 1000 ta yangi yuk aravalari etkazib berilishi kutilmoqda. Unga qadar aeroport xodimlari yo`lovchilarga, ayniqsa ayollar va yoshi katta yo`lovchilarga og`ir yuklarni tashishda yordam berishadi. “ Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo`lovchilardan uzr so`raydi va muammoni imkon qadar tezroq hal etishga va`da beradi",-deyiladi xabarda.






