AsosiyJamiyat

“O`zbekistondagi rossiyalik vatandoshlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkiloti” rahbariga nisbatan ma`muriy jazo qo`llanildi

'“O`zbekistondagi rossiyalik vatandoshlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkiloti” rahbariga nisbatan ma`muriy jazo qo`llanildi'ning rasmi

 “O`zbekistondagi rossiyalik vatandoshlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkiloti” ham millatlararo totuvlik va do`stlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bo`lib, qariyb ikki yildan buyon Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, V. Vohidov ko`chasi, 53-uyda faoliyat yuritib kelgan bu nodavlat notijorat tashkilotiga V. K. rahbarlik qilgan. Biroq, u amaldagi qonunchiligimizga bo`ysunmay, huquqbuzarlik sodir etdi. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma`lum qilinishicha, ushbu NNT O`zbekiston Respublikasining 1999 yil 14 apreldagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Nizom talablariga rioya etmagan. Aniqroq aytganda, u rahbarlik qilgan tashkilot adliya organlarida davlat ro`yxatidan o`tmagan holda faoliyat yuritgan. Albatta, bunday huquqbuzarlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar e`tiboridan chetda qolmadi va V. K. ga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun sudga taqdim etildi. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida V. K. ga oid ma`muriy ish atroflicha ko`rib chiqildi. V. K. huquqbuzarlik sodir etganini tan oldi. U “O`zbekistondagi rossiyalik vatandoshlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkiloti” tarkibiga kiruvchi rus, qrim tatarlari va boshqird tatarlari madaniyat markazlari davlat ro`yxatidan o`tganligini, u rahbarlik qilgan tashkilot esa mazkur markazlarni birlashtirib, xashar, sayohatlar kabi tadbirlarni o`tkazishga yordam ko`rsatganligini, shunga ko`ra ushbu tashkilotni davlat ro`yxatidan  o`tkazish shart emas, deb hisoblaganligini ta`kidlab, suddan ma`muriy jazodan ozod qilishni so`radi.

Garchand V. K. huquqbuzarlik sodir etganligiga iqror bo`lmasa-da, uning bu qilmishi ma`muriy bayonnoma, tushuntirish xatlari, u rahbarlik qilgan tashkilotga tegishli muhr va shtamplar, Tashkilot nizomi va ish yuzasidan to`plangan boshqa dalillar bilan o`z tasdig`ini topdi. 

Sud V. K. ning shaxsini, sodir etgan huquqbuzarligining tavsifini, jazoni og`irlashtiruvchi va engillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, ya`ni 8 100 000 so`m  jarima jazosi tayinladi. 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar