AOKAda o`tkazilgan brifingda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig`i Quvonchbek Mustafoev yoqilg`i-energetika resurslarining narxlarini o`zgartirish to`g`risida ma`lumot berdi.
Iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo`lgan talabini ishonchli va uzluksiz ta`minlash, gaz va elektr energiya resurslari uzatish tizimini rivojlantirish hamda modernizasiya qilish, eng yaxshi xalqaro tajriba asosida tarmoqda sog`lom raqobat muhitini shakllantirish orqali iqtisodiy o`sish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg`i-energetika resurslarining narxlarini o`zgartirish to`g`risida»gi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2022 yilning 31 may kuni muhokamaga qo`yilgan edi.
Avvalambor, muhokama jarayonida ishtirok etgan faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, mustaqil iqtisodchilar va ekspertlarga ushbu islohot yuzasidan o`z fikrlarini ochiq namoyon etganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Shuni takidlab o`tish joizki, 15 iyun kuni muhokama jarayonlari yakunlangan bo`lib, qaror loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va e`tirozlar kelib tushdi.
Jumladan, eng ko`p takliflardan biri qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun o`rnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy me`yor shakllantirish bo`yicha kelib tushgan.
Bunda asosiy sabablar sifatida isitish mavsumida gazlashtirilmagan, gaz bosimi pasaygan va tabiiy gaz etkazib berishda uzilishlar kuzatiladigan xonadonlarda, shuningdek, ayrim ko`p qavatli uylarning isitish tizimi talabga javob bermasligi sababli xonadonlarni isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishga to`g`ri kelishi ko`rsatilgan.
Shuningdek, ijtimoiy me`yorlar miqdorini oshirish bo`yicha takliflar kelib tushdi.
Takliflarning aksariyatida ijtimoiy me`yor kiritilayotganligiga e`tiroz mavjud emasligi, biroq ijtimoiy me`yor miqdorini oshirish zarurligi bildirilgan.
Shuningdek, ko`p qavatli va yakka tartibdagi hovli uy-joylarda iste`molning turlicha bo`lishi qaror loyihasida inobatga olinmaganligi bo`yicha fikrlar keltirib o`tilgan.
Shuni ma`lum qilamizki, qaror loyihasi bo`yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, shuningdek, mazkur takliflarni inobatga olgan holda yoqilg`i-energetika narxlarini o`zgarishiga oid Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarori qabul qilindi.
Qaror loyihasi bilan 2022 yil 15 iyuldan boshlab:
Elektr energiyasi bo`yicha:
a) aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi o`zgarishsiz, ya`ni – 295 so`m;
b) 1 kVt/soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 800 so`m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so`m.
Tabiiy gaz bo`yicha:
a) aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste`moli narxi o`zgarishsiz,
ya`ni – 380 so`m;
b) 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 300 so`m, avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 150 so`m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so`m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 100 so`m.
Suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o`zgarishsiz,
ya`ni – 1 120 so`m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operasion samaradorlikni va energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko`zda tutilgan:
a) Elektr energiyasi bo`yicha:
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 850 so`m etib belgilash;
qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so`m etib belgilash.
b) Tabiiy gaz bo`yicha:
issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so`m;
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1 350 so`m;
avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 350 so`m;
qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so`m etib belgilash.
2023 yil 1 apreldan o`rnatiladigan yoqilg`i-energetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko`rib chiqilishida inflyasiya darajasiga indeksasiya qilib borilishi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o`tiladi hamda narxlar erkin shakllanishi belgilangan.
Muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi bo`yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan «ijtimoiy me`yor»ning joriy qilinishi mutaxassislar tomonidan qayta ko`rib chiqilmoqda va mazkur qaror bilan aholi uchun narxlar o`zgarishsiz qoldirilmoqda.