4 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Ta`kidlanishicha, muloqotda O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi ko`p qirrali va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqilgan.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Yangi O`zbekistonda ortga qaytmas demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni amalga oshirishga ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`mak uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Evrokengash Prezidenti, o`z navbatida, O`zbekistonning kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yo`lini davom ettirish borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatladi.
Shu ma`noda Qoraqalpog`istondagi vaziyatning ba`zi buzg`unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo`l qo`yib bo`lmasligi alohida qayd etildi. Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon bo`lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik so`zlarini etkazishni so`radi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston va EI o`rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitimning tayyorlanishini yakuniga etkazish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
“Preferensiyalar bosh tizimi plyus” afzalliklaridan foydalangan holda o`zaro savdo va investisiyalarni ko`paytirish muhimligi ta`kidlandi.
Tomonlar amaliy hamkorlikning aniq dastur va loyihalarini, eng avvalo, “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish, innovasiyalar, logistika, qishloq xo`jaligi, ekologiya, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalarida ilgari surish masalalariga alohida to`xtaldilar.
Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelayotgan vaziyat hamda EI tuzilmalari bilan ko`p tomonlama muloqotning darajasini yanada yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.
O`zaro bog`liqlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, shu jumladan Afg`onistonda mustahkam tinchlik qaror topishiga ko`maklashish va uning xalqiga qo`ldan kelgancha yordam ko`rsatishga qaratilgan yirik xalqaro tadbirlarni mamlakatimizda tashkil etish masalasi qo`llab-quvvatlandi.






