Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida davom etayotgan arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishda aytildi.
Bosh va master rejalarni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 ta bosqichdan iborat bo`ladi.
Birinchi bosqichda Respublika kengashi hududning ixtisoslashuvi, transport-logistika, sanoat va xizmat loyihalarini joylashtirish uchun er va infratuzilmaga ehtiyoji va chegaralarini belgilaydigan Bosh sxemasini ishlab chiqadi.
Bunda yaqin (5 yillik), o`rta (10 yillik) va uzoq (20 yillik) muddatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar asosida viloyatning rivojlanish ko`rsatkichlari belgilanadi.
Ikkinchi bosqichda bosh sxemalar asosida loyiha ofisi hududning Bosh rejasini ishlab chiqadi.
Bunda:
- viloyatning ixtisoslashuviga qarab, sanoat, xizmat ko`rsatish va aholi yashash punkti kabi zonalarga ajratiladi, yo`llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko`zda tutiladi.
- hududiy loyihalarni tasdiqlash, ob`ektlarga qo`yilgan talablarni belgilashni viloyat bosh arxitektori va hokimning birinchi o`rinbosari hal qiladi;
Uchinchi bosqichda bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari va hokimning birinchi o`rinbosarlari o`z hududining master rejalarini tasdiqlaydi.
Bunda, ajratilgan zonalardagi maktab, bog`cha, shifoxona, uy-joylar, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarining joylashuvi ko`rsatiladi.
Tuman, shahar bosh arxitektori va hokimlarning 1-o`rinbosarlari hokim yordamchilari va mahalliy tadbirkorlar bilan hududiy loyihalarni ishlab chiqib, erlarni auksionga chiqaradi.
Lo`nda qilib aytganda, Qurilish vazirligi qaysidir mahallada lotok qaerdan o`tishi yoki bino qanday yoritilishi kerak, degan masalalar bilan shug`ullanmaydi. Bular tuman va mahalla darajasida hal bo`ladi.
Bosh sxema, Bosh reja va master rejalar ishlab chiqish uchun joriy yilda 200 milliard so`m ajratiladi.
Mutasaddilarga 1 oktyabrga qadar Respublika va Samarqand, Namangan va Toshkent viloyatlarining Bosh sxema, Bosh reja va master rejalarini ishlab chiqishga xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb qilish topshirildi.
Shuningdek, ikki oy muddatda:
- master rejalarini ishlab chiqishda, aholi takliflarini jamlaydigan “Mening mahallam” platformasini ishga tushirish;
- barcha tuman va shahar qurilish bo`limlariga malakali arxitektorlarni rahbar etib tayinlash;
- sohaga xususiy sektorni jalb qilish uchun bosh rejalar loyihasini tayyorlashga qo`yiladigan talablarni qayta ko`rib chiqish vazifasi qo`yildi.