Joriy yilning o`tgan davrida jami 1 milliard 912 million 506 ming so`mlik iste`molga yaroqsiz tovar-moddiy boyliklar yo`q qilingan.
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi jinoyat ishlari bo`yicha sudlarning ijro hujjatlari ijrosini ta`minlash maqsadida fuqarolar va ayrim tadbirkorlar tomonidan yurtimizga noqonuniy olib kirilgan, tegishli hujjat hamda ruxsati mavjud bo`lmagan navbatdagi mahsulotlarni yo`q qildi.
Termiz tumani Kattaqum massividagi maxsus poligonda hamkor tashkilotlar va xolislar ishtirokida 10 turdagi 337 million so`mlik iste`molga yaroqsiz dori vositalari, 30 dona alkogol va belgilangan tartibga ko`ra aksiz markalanmagan 10 quti tamaki mahsulotini zararsizlantirildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan davrida MIB viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar hududiy bo`limlari tomonidan orgtexnika, alkogol, tamaki, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlardan iborat jami 1 milliard 912 million 506 ming so`mlik iste`molga yaroqsiz tovar-moddiy boyliklar yo`q qilingan. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xabar bermoqda.






