“2022-2026 yillarda O`zbekiston Respublikasining innovasion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Farmon bilan 2022-2026 yillarda O`zbekiston Respublikasining innovasion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi.
Kichik tadbirkorlikning innovasion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o`sishini ta`minlash Strategiyaning asosiy yo`nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Farmonga muvofiq Strategiyani amalga oshirishning maqsadli ko`rsatkichlari hamda hududlar kesimidagi maqsadli ko`rsatkichlar tasdiqlandi.
Maqsadli ko`rsatkichlar doirasida:
▫️innovasion faoliyat sub`ektlari soni 613 tadan 2 250 tagacha etkaziladi;
▫️innovasion infratuzilma sub`ektlari soni 3 baravarga oshiriladi;
▫️innovasion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish o`rinlari soni 4 baravarga oshiriladi.
2022 yil 1 avgustdan innovasion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta`lim tashkilot” zanjirining yaxlit tizimi joriy etiladi.
2022 yil 1 avgustdan “tubdan yangilovchi” innovasiyalar yaratishni rag`batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
▫️mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovasion tovarlar bo`yicha davlat organlari bilan shartnomalarni to`g`ridan-to`g`ri imzolash huquqi beriladi;
▫️ustav fondida 50 va undan ko`p foiz davlat ulushi bor xo`jalik jamiyatlarida foyda solig`ini to`lagungacha uning 10 foizgacha ajratmalaridan Innovasion faoliyatni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etiladi. Bunda:
-mablag`lar “tubdan yangilovchi” innovasiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo`naltiriladi;
-Jamg`arma mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovasion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.






