Bu haqda Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlatimiz rahbari avval aytganidek, joylardan tushgan asoslangan takliflar va echimlar bo`yicha doimiy tarzda xalqimizning foydasiga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilib boriladi.
Bugun Prezidentimizning tegishli qarori bilan avtotransport vositalarini boshqarishda va yo`nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo`shimcha qulayliklar yaratildi:
1. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab avtomobillarni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
- avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi elektron shakldagi ishonchnoma rasmiylashtirilganda, uni notarial tasdiqlash talab etilmaydi;
- elektron ishonchnoma rasmiylashtirilganda davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda - 1 oygacha bo`lgan muddatga 90 ming so`m, 6 oygacha bo`lgan muddatga 450 ming so`m, 3 yilgacha bo`lgan muddatga 900 ming so`m miqdorida undiriladi;
- elektron ishonchnoma davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan faqatgina planshet orqali tekshiriladi.
2. Yuridik shaxslar haydovchilarining ikki yilda bir marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilinadi.
3. Fuqaro tomonidan o`zining avtomobilini yo`lovchi tashish lisenziyasiga ega bo`lgan yuridik shaxslarga ijaraga berilganda notarial idoralar tomonidan tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda. Ijara shartnomasi soliq organlarida elektron hisobga qo`yiladi.
4. 2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxiriga qadar yo`lovchilarni engil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o`zini o`zi band qilgan shaxslar shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxatiga kiritilmoqda. Bunda:
- lisenziya varaqasini berishda avtomobilning 10 yillik ekspluatasiya davriga qo`yilgan talab bekor qilinadi;
- majburiy tibbiy va texnik ko`rik muddati 1 yilda 1 marta qilib belgilanadi;
- o`zini o`zi band qilgan tashuvchilardan, shu jumladan yuridik shaxslardan lisenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji miqdori 300 ming so`m etib belgilanadi.






