Avval xabar qilganimizdek, Prezident tegishli qaroriga ko`ra, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 9-12 iyul sanalarida ketma-ket dam olish kunlari belgilandi.
Bayram va qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, bayram va qo`shimcha dam olish kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko`rsatadi:
- 1010 ta oilaviy poliklinika,
- 923 ta oilaviy shifokor punkti,
- tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar,
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
- tibbiyot oliy o`quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek:
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 182 ta aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo`limlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta`minlanib, zaxira o`rinlari yartilgan.
Mamlakatimiz bo`ylab 2724 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo`ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 227 ta tug`uruq, 245 ta bolalar davolash muassasalari ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olishingiz mumkin.
Koronavirusga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari, xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda PZR-test topshirishga mo`ljallangan punktlar faoliyat ko`rsatadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo`limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o`z faoliyatini davom ettiradi.
Sog`liqni saqlash vazirligi bayram va dam olish kunlarida uzluksiz mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o`z minnatdorligini bildiradi.






