AsosiyJamiyat

Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo`yicha Jinoyat-prosessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi — Bosh prokuratura

'Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo`yicha Jinoyat-prosessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi — Bosh prokuratura'ning rasmi

Bosh prokurratura Qoraqalpog`iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan axborot xabari e`lon qildi.

Ma`lum qilinishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan 2022 yil 2 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha Bosh prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Shakllantirilgan Bosh prokuratura tergov guruhi zimmasiga yuz bergan hodisalarning barcha holatlarini aniqlash, tergov harakatlarini xolisona hamda qonunchilikka qat`iy rioya etgan holda o`tkazish vazifasi yuklatilgan. Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo`yicha Jinoyat-prosessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi.

Shu jumladan, Tajimuratov D.M. va Turdanov A.T.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e`lon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanildi.

Qallxanova L.O.ning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi bo`yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlandi.

Tergovga jalb etilgan fuqarolarning sha`ni va qadr - qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zo`ravonlik, shafqatsiz yoki inson sha`ni va qadr - qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo`l qo`yilmasligi qat`iy nazoratga olingan.

Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to`la ta`minlangan holda tergov harakatlari o`tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar ta`minlangan. Sog`lig`i va saqlash sharoitlari bo`yicha e`tirozlari mavjud emas.

    Boshqa yangiliklar