“Qoraqalpog`iston Respublikasida 2022–2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to`g`risida” Prezident qarori qaror qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
- Qoraqalpog`iston Respublikasida surunkali kasalligi va nogironligi mavjud bo`lgan bolalar uchun 120 o`rinli Bolalar tibbiy reabilitasiya markazi;
- 80 o`rinli Bolalar ftiziatriya sanatoriysi;
- Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida 20 o`rinli xirurgiya bo`limi;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi ko`p tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya bo`limi negizida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filiali;
- Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida mavjud o`rinlar doirasida umidsiz og`ir bemorlar uchun 20 o`rinli palliativ yordam ko`rsatadigan bo`lim (xospis).
2022 yil yakunigacha:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda qo`shimcha 34 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi;
- tez tibbiy yordam xizmati 63 ta yangitez tibbiy yordam maxsus avtotransportlar bilan ta`minlanadi.
2022 yil 1 sentyabrdan:
- ko`p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallari negizida 16 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
- bolalar orasida ko`p uchrayotgan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 2–10 yoshli bolalar orasida gelmintoz, 12–15 yoshli qizlar orasida kamqonlik kasalligi bo`yicha skrining dasturlari joriy etiladi.
Qarorga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirining Orolbo`yi mintaqasida tibbiy xizmat bo`yicha o`rinbosari lavozimi joriy etildi.
Vazir o`rinbosari o`z faoliyatini ustuvor tarzda Orolbo`yi mintaqasida tashkil etadi hamda sohaga oid muammolarni shahar va tumanlarning o`ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda joyida hal etib borish uchun tegishli choralar ko`rilishini ta`minlaydi.
2022 yil 1 iyuldan leprozoriylarda ishlaydigan barcha xodimlarning lavozim maoshiga 50 foiz miqdorida ustama belgilanadi.
Qarorga ko`ra:
- kamida 3 yillik ish stajiga ega oilaviy shifokorlarni birlamchi bo`g`inda tor soha mutaxassisi sifatida ishlashi uchun mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida o`qitiladi;
- tibbiyot OTM bitiruvchilari hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislarini tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatida ishlashi uchun Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida o`qitiladi;
- 2022–2024 yillarda kamida 75 nafar tibbiyot xodimlari nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o`tash uchun yuboriladi.
Qaror bilan Qoraqalpog`iston Respublikasida 2022–2024 yillarda aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordamining sifat va samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.






