AsosiyJamiyat

Moliyaviy nazorat tadbirlarida 949 milliard so`mdan ziyod noqonuniy xarajatlar aniqlangan

'Moliyaviy nazorat tadbirlarida 949 milliard so`mdan ziyod noqonuniy xarajatlar aniqlangan'ning rasmi

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2021 yil yakunlari bo`yicha ijrosi va 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi ko`rib chiqildi.

Davlat byudjeti xarajatlari moliyalashtirilishi ta`minlangan. Jumladan, 2021 yilda ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan ta`lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 39 trillion 641 milliard so`m mablag` yo`naltirilgan. Shuningdek, 2021 yilda sog`liqni saqlash sohasiga o`tgan yilga nisbatan 20 foizga ko`p mablag` ajratilgan. 

Mahalliy byudjetlarning 2021 yilgi daromadlari dastlabki prognoz ko`rsatkichlariga nisbatan 119 foizni, 2022 yilning birinchi choragida esa 112 foizni tashkil qilgan. Mahalliy byudjetlarning xarajatlari ham rejaga nisbatan 111 foizga ijro etilib, 65,5 trillion so`mni tashkil etgan. 

Majlisda mahalliy byudjetlarning ijrosi va belgilangan prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi borasida yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar ko`rsatib o`tildi. 

Senat Raisi Tanzila Norboeva bu masalaga munosabat bildirib, mahalliy byudjet mablag`larini maqsadsiz sarflash, talon-toroj qilish mumkin emasligini ta`kidladi. Mahalliy kengashlar vakillari bu borada qat`iy nazorat o`rnatishi, mablag`larning maqsadli sarflanishi bo`yicha mas`ul ekanini alohida qayd etdi.  

Byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o`tkazilgan 7 ming 133 ta moliyaviy nazorat tadbirining 5 ming 380 tasida yoki 75 foizida 122 milliard 800 million so`mlik kamomad, 949 milliard 300 million so`mlik noqonuniy xarajatlar aniqlangan. 

Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining daromadlar prognoz ko`rsatkichlari o`zgartirilishi yuzasidan tegishli qarorlari qabul qilinmagan. 

– Hisob palatasi tomonidan o`tkazilgan tashqi auditda 2021 yilda bojxona to`lovlari bo`yicha 406 milliard so`mdan ziyod daromadlar davlat byudjetiga o`tkazilmaganligi aniqlangan, – dedi Senat Raisi. – Xuddi shunday holat 2020 yil yakunlari bo`yicha ham aniqlangan. Undirilgan mablag`lar Davlat byudjetiga o`z vaqtida o`tkazilmasligi esa respublikaning iqtisodiy ko`rsatkichlari shakllanishiga ta`sir ko`rsatmasdan qolmaydi. Mazkur holatlarni bartaraf qilish maqsadida bojxona to`lovlarini avtomatik tarzda Davlat byudjetiga o`tkazilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy bazani yaratish, qolaversa raqamli texnologiyalar orqali to`lovlarni avtomatik tarzda byudjetga o`tkazish tizimiga o`tish bo`yicha ko`rsatma berilgan. 

Biroq, bu vazifalar orqaga surib kelinmoqda. Vaholanki, bu orqali ko`plab qonun buzilishi va ayniqsa, korrupsiyaning oldini olish imkoniyatlari kengayadi.  

    Boshqa yangiliklar