Hukumat qarori (369-son, 07.07.2022 y.) bilan Xususiy notarial faoliyat bo`yicha malaka imtihonini tashkil etish yuzasidan davlat xizmatini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Reglament malaka imtihonida ishtirok etish uchun murojaat qilish va imtihonni tashkil etish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatish tartibini belgilaydi.
Davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali komissiya tomonidan ko`rsatiladi.
Talabgor 25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta bo`lmasligi, oliy yuridik ma`lumotga, yuridik mutaxassislik bo`yicha kamida 3 yillik ish stajiga ega bo`lishi, shu jumladan notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o`tagan bo`lishi shart.
Sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog`liq lavozimlarida kamida 3 yil ishlagan shaxslar stajirovkadan o`tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining boshqaruv xodimi (notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog`liq bo`lmagan) yoki advokat sifatida kamida 3 yil ishlagan, biroq vakolati tugatilgan vaqtdan boshlab 5 yil o`tmagan shaxslar 6 oy stajirovka o`taydi.
Quyidagilar notarius bo`lishi mumkin emas:
- ️muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
- ️qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
- ️notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari o`z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs – 3 yil mobaynida.
Davlat xizmatini ko`rsatish uchun BHMning yarim baravari (150 ming so`m) miqdorida yig`im undiriladi.
Komissiya 20 ish kuni ichida so`rovnomada ko`rsatilgan ma`lumotlarni o`rganib chiqadi.
Malaka imtihoni talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan xulosa tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan so`ng, lekin 15 kundan kechiktirmay o`tkaziladi.






