AsosiyJamiyat

Ig`vogarlar fitnasi

'Ig`vogarlar fitnasi'ning rasmi

Xalqimizda “Bir kun urush bo`lgan joydan qirq kun baraka ketadi”, degan naql bor. Boisi, qut-baraka arigan erda xotirjamlik, ertangi kunga umid ham so`nadi. Ayrim g`alamislar esa asl muddaolariga etib, o`z og`a-inisiga musht tushirgan millat ustidan kulib ketaveradi.

Yurtimiz ko`p millatli mamlakat. Bir yuz o`ttizdan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladigan vatanimizdagi xalqlarning do`stona hayoti, birodarchilik tutimlar asosidagi turmush tarzi havas qilarlidir.

Qo`ni-qo`shni bo`lib yashayotgan, milliy bayramlarida bir-birini qutlayotgan yurtdoshlarimizni ko`rib, hayotdagi eng katta boylik tinchlik ekanligini chuqur his etasiz.

Biroq so`nggi ikki kunda Qoraqalpog`istonda ro`y berayotgan voqealar hammamizni sarosimaga solib qo`ydi. Prezidentimiz 2-3 iyul kunlari Nukus shahriga tashrif buyurib, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Qoraqalpog`istonning o`ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e`tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog`iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o`zgartirishsiz qoldirish zarurligini ta`kidladi. Bu esa Konstitusiyaning 70, 71, 72, 73, 74, 75-moddalari o`zgarishsiz qoldiriladi, degani.

Shu nuqtai nazardan, o`zbek va qoraqalpoq xalqlari o`rtasidagi qardoshlik, o`zaro hurmat va mehr-oqibat, og`izbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash barchamizning burchimizdir. Zotan, Yangi O`zbekiston, Yangi Qoraqalpog`istonni hammamiz birgalikda quramiz.

Ko`pni ko`rgan kattalarimiz bilib aytishadi: etni tirnoqdan ajratib bo`lmaydi. O`zbek va qoraqalpoq xalqini nafaqat yagona mamlakat, balki necha asrlik orzu-umid va intilishlar, yashash tarzi, urf-odatlar ham birlashtirib turadi.

O`z vaqtida ikki xalq suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, birgalikda barcha sinovlarni engib o`tgan. Ammo tarix, qadriyat, an`analarni e`zozlamagan, o`z manfaatini butun bir mamlakatning manfaatidan ustun qo`ygan ayrim populistlarning noqonuniy harakati, chalg`itishi tinch, osuda hayot kechirayotgan qoraqalpog`istonliklarning tinchligiga rahna soldi.

Insoniyat yaratilibdiki, doimo o`zi va atrofdagilarning ehtiyojlarini qoplashga, bugun kechagidan ko`ra yaxshiroq yashashga intiladi. Tinimsiz mehnat qilish, sabr-qanoat qilish orqali o`zi va oilasiga farovon turmush sharoitini yaratadi.

Bunday sharoitni yaratish esa o`z-o`zidan bo`lib qolmaydi. Buning uchun turli xil mashaqqat, sinovlar, to`siqlarga barham berishga, muttasil ravishda mehnat qilishga to`g`ri keladi. Lekin eng achinarlisi, to`kis, tinch hayot ayrim g`alamislarga xush kelavermaydi. Qiyinchilik bilan erishilgan marrani buzib tashlashdan osoni yo`q, aslida.

Prezidentimizning Qoraqalpog`istonda favqulodda holatni e`lon qilish bilan bog`liq farmonlarining tagzamirida ham doimo tinchlik, barqarorlik uchun intilgan, halol mehnat qilib o`z oilasi, yurtiga foydasi tegayotgan xalqimizning manfaatini himoya qilish maqsadi turganini hammamiz ko`rib, bilib turibmiz.

Boshqacha aytganda, bunyodkor g`oya buzg`unchi g`oyani mag`lub etishiga erishishimiz uchun ham qoraqalpog`istonlik hamyurtlarimiz ma`lum muddat ayrim turdagi cheklovlarga rioya qilishlari kerak bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar