Bugun yurtimiz “Tez yordam” xizmatida butunlay yangicha tizim yaratilmoqda. Tibbiyotning eng muhim yo`nalishi bo`lgan mazkur soha malakali kadrlar, zamonaviy tibbiy jihozlar hamda zarur avtotransport vositalari bilan ta`minlanyapti. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Biroq har bir soniya qadri oltinga teng bo`lgan ushbu tizimda chaqiruv manziliga o`z vaqtida etib bora olmaslik holatlari hanuz uchramoqda. Bunga asosiy sabab sifatida esa fuqarolar tomonidan bo`ladigan yolg`on chaqiriqlarni keltirish mumkin.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2022 yilning o`tgan olti oyi davomida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 2727 ta murojaat yolg`on chaqiriq deb baholangan.
To`g`ri, aholimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy mas`uliyati ortib borishi natijasida bu raqamlar yildan yilga kamayib bormoqda. Xususan, yuqoridagi ko`rsatkichni o`tgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, qariyb 525 taga kam ekanini ko`rish mumkin.
— Sir emas, bugungi kunda tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar salomatligini tiklash va ularni ushbu xavfli kasallikdan himoya qilishda katta jonbozlik ko`rsatmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markazi bo`lim boshlig`i Nasiba Mahmudova. — Ayniqsa, bu jarayonda tez tibbiy yordam xizmat brigadalarining o`rni beqiyos.
Ammo “Tez yordam”ga har qachongidan-da talab yuqori bo`lgan bugungi pandemiya davrida asossiz va yolg`on chaqiriqlar uning faoliyatiga soya soladi.
Tahlillar shuni ko`rsatadiki, joriy yilning o`tgan olti oyi davomida eng ko`p yolg`on chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 616 tani tashkil etdi. Keyingi o`rinda 394 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, Farg`ona viloyatidan 391 ta, Navoiy viloyatidan 372 ta hamda Toshkent shahridan 320 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.






