Prezident Shavkat Mirziyoev 9 iyul — Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan olis va yaqindagi butun o`zbek xalqiga tabrik yo`lladi.
"Muhtaram vatandoshlar!
Mana shu fayzli damlarda Er yuzidagi jami musulmon ummati qatori qalbi shukuhga to`lib turgan siz, azizlarni – nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka va opa-singillarimizni, navqiron yoshlarimizni, iymon-e`tiqodli xalqimizni ulug` ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman"-deydi davlat rahbari.
U so`zida davom etarkan, shunday saodatli onlarda hamma, avvalo, Iyd al-adho bayramiga birgalikda, tinchlik-omonlikda etkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytishimiz tabiiyligini ta`kidlaydi.
"Barchamizga ayonki, islom dini avvalo tinchlik, ezgulik va insoniylik dinidir.
Muqaddas Qur`oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan, xususan, “Baqara” surasida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” – deya marhamat qilingan.
Hozirgi g`oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, uni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash va mustahkamlashdek o`tkir talablar yurtimizda yashayotgan har bir mo`min-musulmon, har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb bo`lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.
Ishonamanki, bu ezgu va muqaddas vazifa O`zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning qalb da`vati va insoniy burchiga aylanib, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotini, farzandlarimizning yorug` kelajagini ta`minlash yo`lida muhim omil bo`lib xizmat qiladi",-deydi Mirziyoev.
O`zbekiston etakchisi so`zini davom ettirib, "Hurmatli do`stlar", deya yana bir bor xalqqa murojaat etadi.
"Alloh taolo tomonidan aziz va mukarram qilib yaratilgan insonni, uning sha`ni, qadr-qimmati va hurmatini ulug`lash kabi muqaddas tushunchalarni o`zida aks ettirgan ushbu bayram yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, xalqimizni hayotdan rozi qilish borasida olib borayotgan keng ko`lamli islohotlarimizning ma`no-mazmuniga har tomonlama uyg`un va hamohang ekani bilan ham ayniqsa e`tiborlidir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirishga har tomonlama e`tibor qaratilmoqda. Tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko`hna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma`naviy-ma`rifiy merosini chuqur o`rganish va keng targ`ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan e`tirof etilayotgani barchangizga yaxshi ma`lum.
Ayniqsa, fuqarolarimizning diniy e`tiqod borasidagi huquq va erkinliklari to`la ta`minlanib, mo`min-musulmonlarimiz ibodat amallarini emin-erkin bajarmoqdalar.
Bu haqda so`z yuritganda, ikki yillik koronavirus pandemiyasi cheklovlaridan so`ng bu yil 12 ming vatandoshimiz muqaddas haj amallarini bajarish imkoniga ega bo`lgani, keyingi 6 oyda 40 mingga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini ado etganini ta`kidlash lozim.
So`nggi yillarda shakllangan ezgu an`anamizga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan e`lon qilingan dam olish kunlari yurtdoshlarimizga bu ayyomni o`z oilasi va yaqinlari bag`rida yanada mazmunli o`tkazish, go`zal va betakror yurtimiz bo`ylab ko`ngilli sayohatlarni amalga oshirish uchun qulaylik yaratadi.
Biz tabarruk dinimiz va o`lmas qadriyatlarimiz, o`zaro hurmat, mehr-muruvvat, saxovat va hamjihatlik, sabru qanoat va shukronalik singari ulug` fazilatlarni mustahkamlab kelayotgan muborak Qurbon hayitining barhayot an`analari asrlar osha insonlarni, turli xalqlar va elatlarni birlashtiruvchi beqiyos ma`naviy kuch bo`lib xizmat qilayotganidan faxrlanamiz",-deydi u.
Davlat rahbari fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida yashayotgan musulmon do`st va birodarlarni, xorijiy hamkorlarni ushbu mo``tabar ayyom bilan qutlab, ularga bardavom tinchlik, ravnaq va farovonlik tilamoqda. Shuningdek, "Aziz yurtdoshlar", deya barchani muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklamoqda.
"El-yurtimizning bu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo`lsin!
Alloh taolo go`zal diyorimizni, olijanob va bag`rikeng xalqimizni hamisha o`z panohida asrasin!
Aziz Vatanimizda tinchlik va barqarorlik hamisha bardavom bo`lsin!
Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O`zi doimo madadkor bo`lsin",-deydi Prezident.
Dilbar Abdunabieva.






