O`zbekistonda aholi va tadbirkorlarga qo`shimcha imtiyozlar berish maqsadida mazkur Soliq hamda Bojxona kodekslariga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig`i stavkasi tushirilmoqda, farzandlariga nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablar ko`rsatadigan ta`limga oid xizmatlar uchun ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) tomonidan to`lanadigan oyiga 3 mln so`mgacha bo`lgan to`lovlar daromad solig`idan ozod etilmoqda.
Bundan tashqari, talabalarning oliy ta`lim muassasalari hududida tashkil etgan pullik o`quv kurslari, sport to`garaklari va boshqa ta`lim xizmatlarni ko`rsatishdan olingan daromadlari, nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablarning, shu jumladan, davlat-xususiy sherikchiligidagi nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablarning qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi xarajatlari jami daromadlar tarkibiga kiritilmasligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro`yxatlar bo`yicha tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlari hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilinmoqda.
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona, avtotransportda yo`lovchi va yuk tashish, transport vositalariga texnik xizmat ko`rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta`mirlash, agro va veterinariya hamda ko`ngilochar markazlarda xizmat ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun ijtimoiy soliqning 1 foizlik stavkasi qo`llanilmoqda.
Bularning barchasi bugun, 8 iyul kuni, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Soliq va bojxona qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi muhokamasida ko`rib chiqildi.




Majlisda senatorlar tomonidan tadbirkorlik sub`ektlariga vaqtinchalik soliq imtiyozlarining berilishi orqali xizmatlar, turizm, kapital bozor va tibbiyot sohalarini rivojlantirishga, yangi ish o`rinlari yaratilishi hamda aholi bandligini ta`minlashga erishilishi ta`kidlangan.
Qonunning qabul qilinishi bilan soliq-bojxona tizimining takomillashtirilishi, tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi, natijada aholi daromadlarining oshishiga zamin yaratilishi kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, mazkur hujjat senatorlar tomonidan ma`qullandi.
Dilbar Abdunabieva.