AsosiyJamiyat

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Samarqand viloyati bo`limi yangi binoda ish boshladi

'X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Samarqand viloyati bo`limi yangi binoda ish boshladi'ning rasmi

 O`zbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Samarqand viloyati bo`limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi xabar qildi. 

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10 yanvardagi 11-son qarori bilan, Samarqand viloyat hududiy bo`limida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalarini hamda Farg`ona, Surxondaryo, Xorazm viloyat hududiy bo`limlarida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalarini bosqichma-bosqich tashkil qilish belgilangan edi.

Xususan, joriy yilning 1 iyulidan Samarqand viloyatida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari faoliyati yo`lga qo`yilib, dastlabki ekspertiza xulosalari rasmiylashtirildi. Bu orqali fuqarolarning buzilgan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikni qisqa muddatlarda fosh qilish hamda sud va tergov organlarining ortiqcha ovvoragarchiligining oldini olish, tez fursatlarda sud-ekspertiza xulosalarini olishlariga sharoit yaratildi.

Tantanali ochilish marosimida so`zga chiqqan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi rahbari  A.Xalilov, viloyat hokimi o`rinbosari X.Ochilov, adliya vazirligi faxriylari A.Mardiev va boshqalar  so`nggi yillarda barcha sohalar qatori, sud huquq tizimining ajralmas qismi, muhim bo`g`inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham keng islohotlar amalga oshirilgani, sohani rivojlantirish bo`yicha keyingi 5 yil ichida qabul qilingan Muhtaram Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlariga asosan qonunchilik takomillashtirilib, sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali, odil sudlovni ta`minlashga alohida e`tibor qaratilganligini alohida e`tirof etishdi.

— Keyingi 3 yilda 8 ta yangi ekspertiza turlari yaratilib, sud ekspertlik jarayoniga tatbiq etildi, — deydi A.Xalilov. — Natijada markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 52 taga, mutaxassisliklar esa 71 taga etkazildi.  Samarqand viloyatida ilk marotaba Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi va Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari tashkil etildi. Sodda qilib aytganda, mazkur yo`nalishda Markaziy Osiyoda birinchi tashkil etilgan laboratoriya hisoblanadi. Bu erda yaratilgan sharoitlar, xizmat ko`rsatish sifati poytaxtdagidan sira qolishmaydi.

Markaz va uning hududiy bo`limlariga sud- tergov idoralari tomonidan ekspertizalar tayinlash hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mutaxassis fikri olishga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda. Birgina misol, agar 2020 yilda 923,8 ming ta ob`ektlar bo`yicha tadqiqotlar o`tkazilib, 28 678  ta ekspertiza xulosalari berilgan bo`lsa, 2021 yilga kelib esa 1 mln. 659,5 mingta ob`ektlar bo`yicha tadqiqotlar o`tkazilib, 33 391 ta ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan. Bu 2020 yilga nisbatan qariyb 5 mingtaga oshgan.  

Ta`kidlash kerakki, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi Markaz tarkibida 2000 yilda o`z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda sud genetik DNK ekspertizasi tadqiqotlarida noma`lum shaxsni identifikasiya qilish, turli jinoyat ishlari bo`yicha taqdim etilgan ashyoviy dalildagi biomaterialni aynan kimga tegishli ekanligini aniqlash, biologik ota-onalik fakti, Y-xromosoma tadqiqotlari orqali ota avlod bo`yicha o`zaro biologik qarindoshlikni aniqlash va biomaterialni jins mansubligini aniqlash kabi vazifalar hal etiladi.

Hozirda Markaz tomonidan irsiy kasalliklarga moyillik, biologik yoshni aniqlash, etno genetik va etnik kelib chiqishini aniqlash, hayvonlarni DNKsi yuzasidan tadqiqotlar o`tkazish, ashyoviy dalillardan biologik izlarni izlash yuzasidan ham izlanishlar olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar