Mudofaa vazirligi Nukusdagi namoyishlar paytida askarlarning xizmat jarayoni va o`sha vaqt sodir bo`lgan holatlar yoritilgan videoni e`lon qildi.
"Qurol ishlatish mumkinmasligi haqida buyruq olgan edik. Chunki u erda oddiy, sodda xalq bor edi",-deydi video davomida harbiy.
Ma`lum qilinishicha, maxsus harakat kuchlari olomonni tinchitish uchun BTR texnikasida doimiy joylashuv joyiga yaqinlashib qolganda odamlar qo`lida turli temir jismlar, armaturalar, lom, yonuvchi aralashmalar borligi ayon bo`lgan.
"Ortimizdan 100-200 olomon yopirilib kelayotgandi. Hamma narsaga tayyor turinglar degan "komanda" berdim. Shu paytda harbiy qismga aloqaga chiqib, yordamchi kuch kerakligini aytdim. Oynalarni sindirishni, texnikamizga zarba berishni boshlashdi. Asosiy maqsadimiz qoraqalpoq xalqining tinchligini ta`minlash bo`lgani uchun bu vaziyatda texnikamizni xalq ustiga bostirib haydamadik, qurol ishlatmadik. Hammasiga chidab, qasamyodga sodiqligimizni yigitlar isbotladik",-deydi kapitan.
Ma`lumot uchun, Qoraqalpog`istonda tartibsizliklar boshlangan bir vaqtda mudofaa vaziri hududga borib, harbiylar tayyorgarligini ko`zdan kechirgan.






