Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul echishda oshirilgan komissiya to`lovlari to`g`risidagi xabarlar bo`yicha Markaziy bank munosabat bildirdi.
Joriy yilning 11 iyul kuni tushlikdan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bankomatlardan naqd pul echishda echilayotgan naqd pul miqdoridan kelib chiqib 3 foizgacha komissiya to`lovlari olinayotganligi to`g`risida xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi:
Birinchi navbatda, bayram kunlari munosabati bilan respublika hududidagi 9500 dan ortiq bankomatlarning uzluksiz ishlashi va etarli miqdorda naqd pullar bilan ta`minlash choralari ko`rilgan.
Bankomatlardan naqd pul echish uchun komissiya to`lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko`rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi va bugungi kunda 1 foizdan oshmaydi.
Ayrim tijorat banki tomonidan alohida bir bankomatda eksperiment tariqasida tabaqalashgan yuqori komissiya to`lovi o`rnatilgan bo`lsa, erkin bozor sharoitida bu o`zini oqlamaydi. Zero, boshqa bankomatlarda komissiya to`lovi 1 foiz yoki undan past qilib belgilanganligi sababli iste`molchilar arzon xizmatidan foydalanishni afzal ko`radi.
Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, Sizdan ma`lumotlarni tarqatishda ularning haqiqiyligini hamda tizimdagi xizmatlar ko`lamiga ta`sirini inobatga olishingizni so`raymiz, deyiladi xabarda.






