AsosiyMadaniyat

Ma`rifat Ortiqova: “Baxt men uchun yaqinlarimning salomatligi...”

'Ma`rifat Ortiqova: “Baxt men uchun yaqinlarimning salomatligi...”'ning rasmi

"Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Olov pazanda” ko`rsatuvining muxlislari talaygina. Ko`rsatuvda boshlovchilik qilayotgan aktrisa Ma`rifat Ortiqovaning teatr, kino va seriallarda tomoshabin qalbidan joy olgan rollari ham ko`p. Shu kunlarda internet tarmoqlarida uning hayotida ro`y bergan muhim yangilik, ya`ni turmushga chiqqani haqidagi xabar tarqaldi.

 

Bu xabar sizning ijodingizga befarq bo`lmagan barcha muxlislaringizni xursand qildi. Ular sizga chin yurakdan baxt tilashmoqda. Ma`rifatxon, siz uchun baxt o`zi nima?

— Men uchun eng katta baxt yaqinlarimning sog`ligi. Sog` insonga hamma narsa tatiydi. Ularning quvonchi, shu insonlarning borligi, sevimli kasbimda mehnat qilayotganim, shu hayotda yashayotganligimning, ko`rayotganimiz, nafas olayotganimiz, his etayotganimiz — shularning hamma-hammasi men uchun baxt! Kimgadir kerakligingizning o`ziyam katta baxt!

— Demak, bugungi kundagi “Olov pazanda” ko`rsatuvidagi boshlovchilik qilayotganingiz ham bejiz emas?

— Bu yo`nalishda ish boshlashimdan avval boshlovchilikka juda ko`p takliflar bo`lgan, lekin haddim sig`magan, qo`rqqanman. Aktrisa bo`lsam-da, tortinchoqligim bor, bu boshqalarga sezilmasligi mumkin, ustozlarim yaxshi bilishadi. Ustozim O`zbekiston xalq artisti Mirza Azizov: “Hayajoningni tabassuming ortiga yashir!” derdilar. “Mehnat qil, bir kun natijasini ko`rasan”, deyishardi. Bu o`gitlar madad bo`lib “Madaniyat va ma`rifat” telekanalining “O`zingni namoyon qil” ko`rsatuvida, “Toshkent” telekanali, “Toshkent vaqti” ko`rsatuvida, “O`zbekiston” telekanalining “Assalom, O`zbekiston” ko`ngilochar dasturida boshlovchilik qildim va hozir ham boshlovchilikni davom ettirayapman. “Sevimli”da esa “Tushlik vaqti” ko`rsatuvi bilan faoliyatimni boshladim va endi “Olov pazanda” loyihasidaman. Bu loyiha bahona o`zim ham ancha narsalarni o`rgandim. Hattto “Oshxona ochsammikan?”degan xayollargayam borayapman.

— Siz Xorazm qizisiz. Xayolingizdan Xorazmga butunday ketish va san`atni o`sha erda davom ettirish fikri o`tganmi?

— Yo`q, hech qachon o`ylamaganman. Chunki men talabalik paytimdan o`zim orzu qilgan Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida ish boshlaganman. Ustozim O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Boir Xolmirzaevning o`zlari etaklab olib borganlar. Shu teatrda ijod tomondan ulg`aydim, bu muqaddas sahna men uchun maktab vazifasini o`tadi. Men o`zimni teatrsiz tasavvur ham qilolmasdim. Boshqa erda ishlash xayolimgayam kelmagan. Bu dargohda ustozlarim ko`p. Afsus ulardan biri O`zbekiston xalq artisi Mirza Azizov bugun oramizda yo`q. Alloh rahmatiga olgan bo`lsin, o`rnilari bilinayapti. Maryamxonim Ixtiyorova ham bu yorug` olamni tark etdilar. Ulardan ham ko`p narsalarni o`rganganman. Qolgan hamma ustozlarimning ham mening shu darajaga etishimdagi xizmatlari katta. Umrlari uzoq bo`lsin, ustozlarim men uchun ota-onadek aziz.

— Toshkentga kelgach bir nechta xonadonlarda ijarada turgansiz. Inson o`z kuchi, mehnati bilan cho`qqilarga tirmashishi juda qiyin shunday emasmi?

— Hech qachon qiyinchiliklardan qo`rqmaganman. Mashaqqatlarni engishniyam o`ziga yarasha gashti bor. Hayotda qiyinchilik ko`rmagan, mashaqqatlarga duch kelmagan aktyor qanday qilib sahna yoki ekranda qahramonining dardlarini his etib, rolini ijro etib bera oladi? Ozmi-ko`pmi hayotiy tajriba bo`lishiyam kerak-da. Va eng muhimi, o`sha mashaqqat va qiyinchilik ortida bizni doim rag`bat kutib turadi. Ularga engilmaslik ham, engilish ham insonning o`ziga bog`liq. Ko`rgan qiyinchiliklarimning har biri menga hayotiy dars bo`ldi. Va ular natijasi sifatida Yaratgan meni sevimli va suyukli qilib qo`yganiga shukronalar aytaman.

— Tomoshabinlar yodida qolgan rollaringizning qaysi biri o`zingiz uchun ham sevimli?

— Teatr sahnasidagi rollarimdan “O`tgan kunlar”dagi Zaynabni yaxshi ko`raman. Dildan qilib o`ynardim, rahmatli ustozim O`zbekiston xalq artisti Rustam Ma`diev sahnalashtirgandilar. Tomoshabinlar iliq kutib olgan rollarimdan yana biri rahmatli ustozim Mirza Azizov sahnalashtirgan “To`da” spektaklidagi Kamola roli edi. Giyohvandlikka berilgan yigitini to`g`ri yo`lga qaytargan qizni gavdalantirganman. Bu spektakl bilan xorijiy festivallarida ishtirok etib kelganmiz. Ustozimiz, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Axad Farmonov sahnalashtirgan “Tohir va Zuhra”dagi Xorazmshohning qizi Mohim obraziniyam yaxshi ko`rib ijro etganman. Hamma rollarim tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan. Chipta olishdan avval “Kim o`ynaydi?”degan savollar bo`lardi. Hozir ham “Qachon spektaklingiz bo`ladi, bormoqchiydik?” degan so`zlarni eshitib xursand bo`laman. Rejissyorimiz Sanjar Boboev suratga olgan “O`zi uylanmagan sovchilar” serialidan keyin meni Saodat deb chaqira boshlashgan. “Tutash taqdirlar”dagi belanchak boshidagi ro`mol o`ragan kelinchak bilan tanilganman. “Xiyonat” dagi Ravshanoy rolim judayam ta`sirli chiqqan. Xorijda o`qib kelgan o`zbek talabalaridan “Shu film yurtimizga qaytishimizga sabab bo`ldi” degan fikrlarni eshitganman.

Kliplarning ijodingizda katta o`rni bor...

— Lekin kliplarda ko`p o`ynamayman. Yilda bitta klipga tushishim mumkin. Ikki-uch yilda bitta klipda o`ynagan paytlarim ham bo`ldi. Faqat o`tgan ikki yilda to`rtta klipda suratga tushdim. Bittasi xonanda Gulshanning “Siz menga keraksiz, menga keraksiz” nomli qo`shig`iga ishlangan. Xonanda “Assalom, O`zbekiston” dasturiga mehmon bo`lib kelganida shu qo`shiqni ijro etgan va klipiga sizlarni, ya`ni men va hamkasbim Hamza Xasanovni taklif qilmoqchi ekanligini bildirgandilar. Biz rozi bo`lgandik va tomoshabinlar oldida bergan va`damizga binoan o`ynadik. Qo`shiqning so`zlari yurakka kirib boradigan darajada ta`sirli, syujetiyam yoqimli, odamni zeriktirib qo`ymaydigan oddiy hayotiy voqea asosida suratga olindi. O`zim yoqtirgan xonanda Dildora Niyozovaning “Yolg`iz ayol” klipida va ustozimiz Valijon Shamisievning farzandlari “Layli va Majnun” guruhining klipida rol ijro etdim.

— Kinoda o`z o`rnini topgan aktrisa sifatida birorta rolni qoyillatmay turib “San`atdan ko`nglim qoldi...” deyayotganlarni ko`rganda ko`nglingizdan nimalar kechadi?

— Demak, bu kasb uniki emas. U bu sohaga adashib kirib qolgan. Ularga qarab turib, “Iltimos bu ishga jiddiy qaranglar. Aynan shu rolni qaysidir mahoratli aktyor yoki aktrisa ijro etib, o`z ijodida katta bir ish qilishi mumkin. Zavq olinmagan kasbdan vaqtida voz kechish kerak”, degan o`ylar keladi xayolimga. Ulardan ekranda rol ijro etishga o`yin deb qaramasliklarini, shu sohada o`qigan, mehnat qilayotgan ijodkorlarni hurmat qilishlarini so`ragan bo`lardim.

—              Dublyajdagi faoliyatingizga ham to`xtalsak...

— Dublyaj nihoyatda mashaqqatli sohaligi va hali o`rganadigan tomonlarim ko`p bo`lishiga qaramay bir olam zavq olib ishlayapman. Buning uchun meni dublyaj olamiga olib kirgan kurs rahbarim Boir Xolmirzaevga rahmat deyman. Dublyaj atalmish katta ijod maydonida yonimda turib uning sirlarini o`rgatayotgan ustozlarim Gulchehra Nosirova, Sanobar Sodiqova, Komiljon Tursunboevlardan minnatdorman. Shuningdek, bugungi ozmi-ko`pmi ijodiy yutuqlarimga doimiy rag`bat berib turadigan, hech qachon maslahatlarini ayamaydigan teatrdagi onajonim O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Malika Qayumovagayam rahmat, umrlari uzoq bo`lsin.

—              Bugungi kunda ijodingizda qanday yangiliklar bor?

— Baxtli aktrisaman, masalan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Axmedovning “Ilhaq” filmida ishtirok etdim. Bu men uchun katta omad. Ayni kunlarda televideniega ko`proq vaqt ajratishimga to`g`ri kelayotgani sababli filmlarda suratga tushmayapman. Lekin muxlislarimizga atalgan yangiliklarim yo`q emas. Shu kunlarda kuchli rejissyorlarimizdan biri bo`lgan Sanjar Boboevning “Dunyo bozor” kitobi asosida olingan “Mahalla” seriali ekranga chiqishini kutayapman. Men unda o`tgan rollarimdan tamomila boshqacha personajni o`ynaganman. Va yana “Muqimiy” nomli film ijodimdagi keskin burilish bo`ldi. Vaqt tig`iz bo`lishiga qaramay, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mehriddin Rahmatov rejissyorlik qilayotgan “Bag`ritosh”serialida bandman.

— Demak, ijod avjida ekan. Yangi qurgan oilangizga totuvlik va ijodingizga baraka tilab qolamiz.

—   Rahmat!

              Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi.

"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 7 iyul, 27-son

 

 

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar