2022 yil 12 iyul kuni Moskva shahrida O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot chog`ida O`zbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko`rib chiqildi. Tomonlarning konstruktiv o`zaro manfaatli siyosiy muloqot, iqtisodiy diplomatiyani va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada jadallashtirish tarafdori ekanligi qayd etildi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni to`liq amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Tomonlar jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar. BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Bo`lajak tadbirlarning tashkiliy va mazmunli jihatlari, jumladan, 2022-yil 28-29 - iyul kunlari Toshkent shahrida o`tkaziladigan ShHTga a`zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig`ilishi bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi.
Rossiya tomoniga O`zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayoni va uning ustuvor yo`nalishlari to`g`risida ma`lumotlar berildi.