AsosiyIqtisodiyot

2022 yilning 6 oyida aholi tomonidan 64,3 trln. so`mlik mablag`lar naqdlashtirib olindi — Markaziy bank

'2022 yilning 6 oyida aholi tomonidan 64,3 trln. so`mlik mablag`lar naqdlashtirib olindi — Markaziy bank'ning rasmi

Markaziy bank 2022 yil yanvar-iyun oylari uchun "Naqd pul muomalasi bo`yicha qisqacha sharh" e`lon qildi.

Ma`lum qilinishicha, 2022 yil yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 316,3 trln. so`mni tashkil etgani holda, 2021 yilning mos davriga nisbatan 36,4 foizga oshdi. Jumladan, bank kassalariga naqd pul tushumlari 152,3 trln. so`mni, o`z navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 164,0 trln. so`mni tashkil etdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida bank kassalariga jami naqd pul tushumlari o`tgan yilning shu davriga nisbatan 32,0 foizga oshgan bo`lsa, savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar 25,0 foizga (14,3 trln.so`m) va bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 53,4 foizga (17,6 trln.so`m) oshdi. Natijada, jami tushumlar tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar ulushi 2,6 foizli bandga kamaydi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida bank kartalariga kirim qilingan mablag`lar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 80,6 foizga (102,3 trln.so`mga) oshib, 229,2 trln. so`mni tashkil qildi.

Ushbu mablag`larning 80,1 trln.so`mi - pensiya, nafaqa va ish xaqi to`lovlari, 67,9 trln.so`mi - xalqaro pul o`tkazmalar bo`yicha  va kartadan kartaga o`tkazmalar, 47,1 trln.so`mi - naqd pulda va omonat hisobvaraqlardan bank kartalariga kirim qilingan mablag`lar hissasiga to`g`ri kelgan.

Ushbu davrda bank kartalaridagi 64,3 trln. so`mlik (28,1 foiz) mablag`lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan. Shundan, bankomatlar orqali 50,4 trln. so`mlik va bank kassalari orqali 13,9 trln. so`mlik naqd pullar echilgan. Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo`lgan talab o`rtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qo`shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta`minlab borildi.

Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qo`shimcha 11,8 trln. so`m naqd pullar chiqarildi va 1 iyul holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 25,6 foizni tashkil etdi.

Boshqa yangiliklar