AsosiyJamiyat

Toshkentda "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor" temir yo`lini qurish loyihasining taqdimoti o`tkazildi

'Toshkentda "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor" temir yo`lini qurish loyihasining taqdimoti o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston investisiyalar va tashqi savdo vazirining o`rinbosari Badriddin Abidov kecha Toshkent shahrida o`tkazilgan Afg`onistonda qator infratuzilmaviy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan «Afg`oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» xalqaro konferensiyasining «Iqtisodiyotning tiklanishi - Afg`onistonda tinchlik va osoyishtalikning mustahkam asosidir» sho``ba yig`ilishida ma`ruza qildi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma`lumotiga ko`ra, sessiya doirasida uzunligi 750 km bo`lgan «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo`lini qurish loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi. «Boshtransloyiha» AJning dastlabki hisob-kitoblariga ko`ra, loyiha 1200 dan ortiq sun`iy inshootlarni, shu jumladan, 3 tunnel, 100 dan ortiq tunnel va 336 ko`prikni qurishni o`z ichiga oladi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, loyihani amalga oshirishning umumiy taxminiy qiymati 4,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur loyihani amalga oshirish nafaqat minglab yangi ish o`rinlari yaratish, balki afg`on jamiyatining ko`plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish imkonini beradi.

Ushbu loyihaning ahamiyati shundaki, u Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasidagi temir yo`l infratuzilmasini bog`laydi va shu bilan mintaqalarning o`zaro bog`liqligini ta`minlaydi. Uning hayotga tadbiq etilishi mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlashda zarur shart-sharoitlar va real imkoniyatlar yaratadi.

Sho`ba yig`lishi davomida Termiz shahridagi afg`on fuqarolarini o`qitish bo`yicha ta`lim markazi hamda xalqaro ko`p funksiyali transport-logistika markazi faoliyati natijalarining taqdimoti bo`lib o`tdi. Markaz orqali Afg`onistonga insonparvarlik yordami yuborilmoqda.

    Boshqa yangiliklar