1

Dilbar IKROMOVAni nega teatrga qabul qilishni istashmagan?

Madaniyat 27.07.2022, 15:56
Dilbar IKROMOVAni nega teatrga qabul qilishni istashmagan?

San`at – maftunkor olam. Uni orzu qilib etolmaganlar qancha? Unga etishib ham tomoshabinlar qalbiga kira olmaganlar qancha? O`zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova  sahna va kinoda ijro etgan rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozondi. Unsin, Sotti, Momo bo`lib xotiralarida qoldi. Yozning 17 iyul sanasida tavallud topgan aktrisani unga atab bir emas, naq uchta asar yozgan dramaturg Erkin Xushvaqtov bilan birga xotirladik.

— Erkinjon,  bugun siz bilan samimiy qahramonlari bilan el nazariga tusha olgan aktrisa Dilbar Ikromovaning ijod yo`llariga birgalikda nazar tashlaymiz...

— Bajonidil. Dilbar opa haqida chiroyli xotiralarim bor. Dilbar opaning Milliy teardagi ijodlari talabalik yillaridan boshlangan. “Boy ila xizmatchi” spektaklidagi Maston rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan yosh aktrisaning iste`dodini sezgan mashhur rejissyor Toshxo`ja Xo`jaev oliygohni bitirishlari bilan teatrga ishga taklif qilgan. Ilk rollari muvaffaqiyatli chiqqach, keyinchalik bu sahnada “Oy tutilgan kun”da Zabarjat, “Imon”da Ozoda, “Uylanish”da Fyokla Ivanovna, “Oltin devor”da Dilorom, “Kelinlar qo`zg`oloni”da Nigora, “O`zbekcha raqs”da ona  singari ko`plab rollarni ijro etdilar. 1984 yilda kinorejissyor Melis Abzalov Dilbar Ikromovani “Kelinlar qo`zg`oloni” filmidagi Sotti roliga taklif etib aktrisaning yangi qirralarini ochishga muvaffaq bo`lgandi. Va bu rol sevimli san`atkorimizning kinodagi ijodiga debocha bo`lib xizmat qildi. Bilishimcha, O`zbekiston xalq artisti komik rollar ustasi Maryam Yoqubova   rejissyorga: “Melis, Dilbarni bekor bu rolga olibsan”, degan ekanlar. Lekin aynan shu rol bilan rejissyor Dilbar Ikromovani komik aktrisa sifatida kashf etgani haqiqat.

— Eshitishimga qaraganda, teatrga yangi kelgan paytlarida Dilbar Ikromova bu teatrda o`z o`rnilarini topishlariga ishonmaganlar ham bo`lgan ekan?

— Bu bor gap. O`zbekiston xalq artisti Olim Xo`jaev rahmatli opaning kichkinagina jussalariga qarab turib, “Qizim sen bu teatrda umringni bekorga o`tkazma. Yosh tomoshabinlar teatriga borgin...” degan ekanlar. Dilbar opa “Xo`p, xo`p”, deb yig`lab yuborishdan o`zlarini arang tutib turganlarida rahmatli O`zbekiston xalq artisti Po`lat Saidqosimov yonlarini olib: “Unaqa demang, Olim aka, “Kichkina demang bizni, ko`tarib uramiz sizni”, degan gaplar bor. Ishlayversin. Zo`r aktrisa bo`lib ketishi mumkin”, deganlari u kishiga tasalli bo`lgan ekan.

— Erkinjon, sizning qalamingizga mansub “Chimildiq”, “Qalliq o`yin” va “Qirmizi olma” spektakllaridagi keksa, ko`pni ko`rgan onaxonlar timsolini nega aynan Dilbar Ikromovaga bergansiz??

— “Chimildiq”dagi “momo” o`zi aslida O`zbekiston xalq artisti Ikroma Boltaevaga atab yozilgandi. Olamdan o`tib qoldilar. Men bir paytlar Dilbar opani “Uylanish” spektaklidagi Fyokla Ivanovna rolida ko`rib hayratga tushgandim. Yoshgina bo`la turib kampir rolini shunaqangi zo`r ijro etgandilarki, kulgudan tomoshabinlarning ko`zlari yoshlangan.

— O`zlarining tan olishlaricha, bu rol ishonarli chiqqanidan ko`pchilikdan “Rossiyada bir necha yil yashab kelgan bo`lsangiz kerak”, degan gapni eshitgan ekanlar.  Demak, siz shu ijrolari sabab momoni Dilbar opaga bermoqchi bo`ldingiz, buni o`zlariga bemalol ayta oldingizmi?

— Qayoqda, hali ellikkayam kirmagan ayolga “momo” rolini taklif etish oson bo`larmidi? Ayol kishining ko`ngli nozik bo`ladi, mendan hafa bo`p qolsalar-a, deb uch-to`rt kun aytolmay qiynalib yurganman. Nihoyat qo`rqa-pisa “Opa bitta spektakl bor, shunda sizni ko`rayapman. Iltimos, o`qib fikringizni aytsangiz”, deganman. Rostini aytsam, o`sha kecha hayajondan ko`zimga uyqu kelmagan. Ertasiga “Agar menga shu rolni berishsa, jon deb o`ynardim”, desalar bo`ladimi. Quvonchdan boshim ko`kka etguday bo`lgan.

— Rol ustida qanday ishladilar?

— Uch oy ishlaganmiz. Dilbar opa nuqul “Yaxshi chiqayaptimi? “To`g`ri o`ynayapmanmi?” “Xatosi bo`lsa ayting!”deydilar. Ba`zida “Mana bu eriga ozgina o`zgartirish kiritsak-chi...”yam deb qoladilar. Qancha-qancha ijrolarni maromiga etkazgan aktrisa shunaqa darajada kamtar inson edilar. Gaplari sodda, samimiy, kibr, manmanlikdan asar ham yo`q. Kechirasiz-u bugungi kunda atrofimizdagi uch-to`rtta rolni o`ynab qo`yib, hech kimni tanimay qolganlar, tanqid u yoqda tursin tanbehni ko`tarolmaydiganlarni ko`rsam Dilbar opaga o`xshagan insonlarning qadrini yanada ko`proq his etaman. Men ish jarayonida aktrisaning muallifga, asarga bo`lgan chuqur hurmatini his qilganman. Bunaqa munosabatni ko`rgan odamning yozgisi kelaverarkan. “Qalliq o`yin” asarimdagi onaxonning ro`parasiga Dilbar Ikromova, deb yozib qo`yganman. Kichkinagina jussani sahnaga chiqarib, katta aktrisaga aylantirish uchun qancha matonat va iste`dod kerak. Ijrosini tomosha qilayotib shuncha kuchni qaerdan olarkin, degan xayollarga borardim. Dilbar Ikromova qahramonining har bir so`zini yurakdan chiqarib aytardi va tomoshabinning yuragiga etib borardi. Uni beixtiyor o`zining dardiga sherik qilib qo`yardi, achintirardi. Zalda o`tirgan odam “Bu bir tomosha-ku”, deb o`ylayolmasdi.

— Ijodlarining ilk davrlarida Dilbar Ikromova bilan O`zbekiston Radiosining “Yaxshi kayfiyat” eshittirishida birga ishlaganmiz. Men ham ularni sahnada ko`rib, bu o`sha kamgap, kamsuqum Dilbar opami? deb o`zimga-o`zim savol bergan paytlarim ko`p bo`lgan.

— Spektaklm tugagagach “Opa, buncha kuchni qaerdan ololdingiz? deb so`rardim doim. “Bilmasam, sahna menga kuch beradi”, derdilar iymanibgina. Iste`dodni qarangki, “Qirmizi olma”dagi momoni tamoman boshqacha qilib ijro etib bergandilar. Bu momo o`ta hozirjavob, sho`x, har bir gapi, har bir harakati yumorga boy chiqqandi. Qarang, uchta momo, uchchalasi uch xil. Birinchisi dardchil, qiynalgan. Ikkinchisi xiylagar, ustomon, uchinchisi esa shaddod.

— “Chimildiq” spektakli chet elda ham tomoshabinlar e`tiborini qozonganidayam  Dilbar opaning hissalari katta deb o`ylayman.

— Shubhasiz. Bu spektakl bilan Misrdagi teatrlar festivalida ishtirok etganmiz. Va alohida mukofotga sazovor bo`lganmiz. Spektaklimiz haqidagi maqtov so`zlarini eshitib uni ko`rishni istagan Turkiya elchixonasi xodimlariga esa asar alohida qo`yib berilgan. Keyin ular bizni katta ziyofat bilan siylashgan. Shunda ular Dilbar opaga ikki yilga shartnoma tuzib Turkiyada qolishni taklif qilishgandi.  Lekin opa “Yo`q, men o`z yurtim, o`z teatrimsiz hayotimni tasavvur qilolmayman”, deb ko`nmagandilar. Vatanparvarlikni qarang, hozir arzimagan pul uchun yurti u yoqda tursin, yosh bolalariniyam tashlab begona erlarga oshiqayotgan ayollarni ko`rganimda Dilbar opaning hayotga, ona, ayol degan nomga munosabatlarini eslayman.

— Ma`lumki teatrda bir spektakl qo`yilsa, bitta rolga bir, ba`zida esa ikkita dublyor belgilanadi. Nima uchun sizning spektakllaringizda momo bitta?

— Boshida momoni o`ynaydigan boshqa aktrisalar ham bor edi. Keyinchalik ular rol Dilbar opaniki ekanligini ko`rib o`zlari rad etishgan. Keling, ularning ism-familiyalarini aytmay qo`ya qolaylik. Hammamiz uchun momo bittaligicha qola qolsin. Dilbar opa rahmatlining bir intervyuda “Agar aktrisa bo`lmaganingizda kim bo`lardingiz?” degan savolga “Odam bo`lardim. Qancha insonlar bor ko`rinishi odam, lekin  qilayotgan ishlari, hayotda tutgan o`rnilari, bebaho umrni bekorchi narsalarga sarflayotganlarini ko`rib achinib ketasiz. Dunyoga odam bo`lib keldikmi, odam bo`laylik!” degan javobini eshitib tan bergandim. Ustozimizni Allohim rahmatiga olgan bo`lsin. Bizga odamiylikdan saboq berib ketdi.

Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi.

"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 14 iyul, 28-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1