Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmatining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyatida kreditlarning ajratilishi ahvoli yuzasidan o`rganish o`tkazilgan.
O`rganish natijasida mazkur yo`nalishdagi kreditlar maqsadsiz ishlatilayotganligi, ta`minotchi korxonalar tomonidan ko`zda tutilgan tovar va ashyolar fuqarolarga etkazib berilmaganligi holatlari aniqlandi.
Jumladan, 3 ta tijorat banki (Xalq bank, Agrobank, Mikrokredit bank) mijozlariga 2022 yil 1 choragida ajratilgan kredit mablag`lari hisobidan 15 ta ta`minotchiga 392 nafar mijoz bo`yicha 11 mlrd. 548 mln. so`m o`tkazib berganligi, ammo, ushbu kredit yo`nalishi bo`yicha etkazib berilgan tovarlar bo`yicha ta`minotchilarning kirim hujjatlari mavjud emasligi, ya`ni ajratilgan kreditlar maqsadsiz yo`naltirilganligi ma`lum bo`ldi.
Misol uchun, AT Mikrokreditbank Beshkent filiali tomonidan fuqaro M.E.ga ajratilgan 33 mln.so`m kredit mablag`iga 60 dona quyon, fuqaro G`.B.ga baliqchilik uchun ajratilgan 33 mln.so`mlik kredit mablag`iga baliq chovoqlari etkazib berilmay, kredit mablag`lari maqsadsiz ishlatilgan.
Shuningdek, “S.T.G.” MChJga 3 ta bank orqali 48 nafar fuqaroga ajratilgan 1 mlrd. 412 mln. so`m kredit mablag`lari asalari, parranda, motokultivator, chorva qo`yi, tikuv mashinasi, kompyuter sotib olish uchun o`tkazib berilgan bo`lsa-da, ushbu tovarlar sotib olinmasdan kredit mablag`lari boshqa maqsadlar uchun yo`naltirilganligi aniqlandi.
Agentlik tomonidan tekshirishda to`plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan bo`lib, Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 5 ta ta`minotchining rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167, 184, 189, 209, 228-moddalarining tegishli bandlarida nazarda tutilgan qonunbuzilishlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atildi.
Shuningdek, qolgan 10 ta ta`minotchi va boshqalarga nisbatan tayyorlangan materiallar yuzasidan bugungi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.