Andijondagi kafelardan biri xonandalar Jaloliddin Ahmadaliev va Hamdam Sobirovlarning qo`shiqlaridan ruxsatsiz foydalanayotganligi aniqlandi. Bu haqda Andijon viloyat adliya boshqarmasi xabar bermoqda.
«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi Qonunning 45-moddasiga ko`ra yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko`rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko`rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko`rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Agarda shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob`ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanilgan bo`lsa Mazkur Qonunning 62-moddasiga asosan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilgan deb hisoblanadi.
Andijon viloyat adliya boshqarmasiga O`zbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Andijon shahridagi umumiy ovqatlanish joyida jamiyat a`zolari hisoblangan Xamdam Sobirov va Jaloliddin Ahmadaliev ijrosidagi qo`shiqlardan hech qanday ruxsatsiz hamda tegishli lisenziya shartnomasini tuzmagan holda foydalanayotganligi yuzasidan murojaat qilgan. Murojaatda jamiyat xonandalar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ijrochilarning mualliflik huquqi ob`ektlariga bo`lgan mutlaq huquqini O`zbekiston Respublikasi hududida himoya qilishi qayd qilingan.
Murojaatni ko`rib chiqish davomida haqiqatan ham Andijon shahrida faoliyat yurituvchi «MO``JIZA SAVDO PLYuS» MChJ tomonidan Xamdam Sobirov ijrosidagi «20 mart», «Tentakcham» hamda Jaloliddin Ahmadaliev ijrosidagi «Janonim», «Yor bizdan ketdi» nomli qo`shiqlari hech qanday ruxsatsiz va tegishli shartnoma tuzmagan holda omma e`tiboriga etkazilib kelinayotganligi aniqlangan.
O`rganish yuzasidan tadbirkorga yuqorida qayd etilgan qo`shiqlarni foydalanadigan ijrolar ro`yxatidan (pleylist) o`chirishni so`rab, taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, jamiyat rahbariga mualliflik va turdosh huquq ob`ektlaridan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanish lozimligi tushuntirilgan.
Ma`lumot uchun, agarda tadbirkor bir oy davomida taqdimnoma ijrosini ta`minlanmasa qonunchilikda belgilangan tartibda jazoga tortilishi mumkin.