Jahon chempionati–2018 saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi O`zbekiston milliy terma jamoasining dastlabki uchrashuvini yaponiyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Samvel Babayan murabbiylik qilayotgan O`zbekiston terma jamoasi saralashning uchinchi bosqichini 1 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Suriyaga qarshi o`yin bilan boshlaydi. Ushbu o`yinni boshqarib borish uchun FIFA tomonidan yaponiyalik hakamlar guruhi tayinlangan.
O`yin bosh hakami sifatida FIFA hakami Sato Ryuji ish olib borsa, unga qanotlarda vatandoshlari Toru Sagara hamda Xiroshi Yamauchi yordam beradi. To`rtinchi hakam – Xiroyuki Kimura. Hakamlar nazoratchisi – baxraynlik Abdulrahmon Aldelavar bo`lsa, komissar – Ni Sen Toh (Malayziya).
Ta`kidlash kerakki, Jahon chempionati–2018 turnirining uchinchi saralash bosqichiga tayyorgarlik ko`rayotgan O`zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi yig`inni shu yilning 20 avgust kuni boshlaydi.
Yig`in doirasida milliy terma jamoa 24 avgust kuni Yaman termasiga qarshi Toshkentda o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazadi. Shundan so`ng, JCh–2018 turnirining uchinchi saralash bosqichiga kirishiladi.





