AsosiyJamiyat

"Salohiyat masalasi nima bo`ladi?"

'"Salohiyat masalasi nima bo`ladi?"'ning rasmi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri bugungi kunda talabalar va ularning ota-onalarini qiynayotgan mavzu — "perevod" masalasida o`rnatilgan tartib haqida gapirdi.

Abduqodir Toshqulov bilan o`qishni ko`chirish va magistraturaga qabul jarayonlari bo`yicha eksklyuziv intervyuda ma`lum qilinishicha, o`qishni ko`chirish bo`yicha arizalar soni 5 yil ichida 22 barobarga oshgan. 

Vazirning so`zlariga ko`ra, 2021 yilda o`qishni ko`chirmoqchi bo`lganlar soni kvota bilan bir xil raqamlarni ko`rsatgan.

"Bu Oliy ta`lim tizimiga yana shuncha yuk degani",-deydi Toshqulov.

Vazirning qayd etishicha, o`qishni ko`chirishda o`rnatilgan tartibning ko`pgina sabablari bor.

"Tasavvur qiling OTMda 2000 nafar talaba o`qishni ko`chirish uchun ariza yozdi. U erda har 10-12 talaba uchun 1 o`qituvchi ishdan bo`shatilishi kerak. Qaysidir OTMga 1500 nafargacha talabalar o`qishni ko`chirib keldi. Bu vaziyatda 100dan ortiq professor o`qituvchilar ishga olinishi kerak. Bu pedagog kadrlar masalasida. Bugungi pedagogga qo`yilgan kompetensiyalari bor professional shuncha o`qituvchini qaerdan topamiz? Kollej yoki maktab o`qituvchisini olib kelsak, bu qanday oliy ta`lim bo`ladi? Unda sifat, salohiyat masalasi nima bo`ladi?",-deydi Toshqulov.

Uning so`zlariga ko`ra, 2-masala moddiy ahvol bilan bog`liq.

"Ko`pgina OTMlar yangi qurilyapti. 30dan ortiq Oliy o`quv yurtida yotoqxona yangi qurilmoqda. Hammasi ham sentyabrda bitmasligi mumkin. U ijtimoiy ob`ekt. Unda andozalarga amal qilinadi. Shuningdek, ba`zi o`quv yurtlarida 3 smenada o`qishmoqda. O`qishni ko`chirib kelgan 1000 nafar talabani qaerga joylashtiramiz?",-deydi Oliy va o`rta maxsus ta`lms vaziri.

Ma`lum qilinishicha, keyingisi hududiy masalaga borib taqaladi.

"Hozirda bir viloyatda 17ta OTM bor. Hududiy OTMlar bo`lishining birinchi sababi o`sha joydagi kadrlarning ehtiyojini qondirish bo`lsa, ikkinchisi hududda OTMlarni ko`paytirish orqali hududning rivojlanishiga erishish. O`sha erda olim, ziyolilar, infratuzilma rivojlanishiga erishish. 1 yilda 5000dan ortiq talaba o`qishini ko`chirib ketsa, ularning ish ta`minoti nima bo`ladi",-deydi vazir.

Xo`sh, unda "perevod" bo`yicha nima imkoniyatlar bor?

Abduqodir Toshqulov shular bo`yicha ham intervyu davomida shunga aniqlik kiritib o`tdi.

"Birinchisi, ta`lim shaklini o`zgartirish imkoniyati bor. Biz bu bo`yicha OTMlarga topshiriq ham berdik. Misol uchun kunduzgi ta`limdan sirtqi va kechkiga o`tkazish mumkin. Shuningdek, kredit-modul tizimida ishlaydigan tizimlarda akadem mobillik bor. Ya`ni talaba moddiy texnik bazasi, labaratoriya imkoniyatlari yuqoriroq bo`lgan OTMga borib, 1-2 semestr o`qib kelishi mumkin. Bu yana bir imkoniyat",-deydi u.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining so`zlariga ko`ra, bugun muhokama qilinayotgan mavzularning ildizi eskicha qarashning in`ikosi.

"Aksariyat ota-onalar bolasi diplom olishi uchun qaysi hududda o`tish bali past, deb so`rashadi. Nimaga desangiz, o`qishga kirib olsin, kegin ko`chirib olamiz boshqasiga, deyishadi. Mana niyat, ana maqsad! Bu bilan qaerga boramiz biz? Qani bu erda ota-onaning roli?",-deydi vazir suhbat davomida.

Mavzuga doir:

"Davlat kuchli bo`lishingizni xohlayapti"

Dilbar Abdunabieva.

    Boshqa yangiliklar