Bugun allergiya epidemiyaga qiyoslanadi. Chunki XXI asrda er yuzida eng ko`p tarqalgan noinfeksion xastaliklar orasida shu turdagi kasalliklar etakchi va u dunyo aholisining 35-40 foizida uchraydi.
Xavotirli jihati, keyingi o`n yil ichida allergiyadan aziyat chekuvchi bemorlar soni 2 barobar oshgan. Bu ekologik muammolar, noto`g`ri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari ko`p qabul qilish, kam harakatlilik kabi omillar bilan bog`liq.
Ammo kasallikni keltirib chiqaruvchi yana shunday allergenlar borki, ulardan ko`pchilik yaxshi xabardor emas. Shulardan biri nikel moddasidir.
— Dermatit xastaligi yuzaga kelishida nikeldan yasalgan buyumlarning ta`siri katta, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova.
— Dunyo bo`yicha 4 foizdan qariyb 14 foizgacha kishilarda ushbu moddaga nisbatan allergiya kuzatilishi aniqlangan. Hatto 4 mg. nikel sog`lom insonlarning 70 foizida allergik xastaliklarni rivojlantirishi tadqiq etilgan.
Shuningdek, 1 mg. nikel sulfat dozasi ilgari ushbu moddaga sezgirligi bo`lmagan odamlarning 40 foizida dermatitni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.
Ayni sababdan o`tgan asrning 90-yillarida Evropada buyum va jihozlar tayyorlashda ruxsat etilgan me`yordan ortiq nikelni qo`llash taqiqlangan. Biroq sezgir insonlarda ushbu metalning past ko`rsatkichi ham allergik reaksiya paydo qilishi mumkin.
Bundan tashqari, mazkur xastalik allergiyaga genetik moyilligi mavjud, bolaligida astma yoki pollinozga chalingan bemorlar o`rtasida ham kuzatiladi.
Bugungi kunda nikeldan yasalgan yoki u bilan ishlov berilgan mahsulotlar turi juda ko`p. Taqinchog`u akssesuarlardan tortib yaltiroq qoshiqlaru kastryullargacha, jamoat transportidagi tutqichlardan to qo`limizdagi smartfongacha qaysidir darajada nikeldan xoli emas.
Bu mahsulotlar teriga ishqalangach, terlash oqibatida metall korroziyaga uchraydi. Natijada erkin nikel ionlari ajralib chiqishi tufayli allergik reaksiya hosil bo`ladi va shu joyda dermatit shakllanadi.
Shifokorning ta`kidlashicha, odatda, alomatlar nikel ta`siridan 12-48 soat o`tib boshlanadi va ikki haftadan to`rt haftagacha davom etishi mumkin. Xastalik belgilari, qizarish, toshma, qichishish, turli dog`lar, pufakchalar ko`rinishida namoyon bo`ladi.
Agar o`z vaqtida tegishli davo choralari ko`rilmasa, jarohatlar o`rni yiringlashi, yorilishi, qorayishi mumkin. Nikelga nisbatan allergiya bor-yo`qligi yuzasidan klinik tashxis bemorning kasallik tarixi asosida qo`yiladi. Buning natijalari esa maxsus tibbiy testlar orqali tasdiqlanadi.
Shu ma`noda, taqinchoqlar, bijuteriyalar, ro`zg`or buyumlari va anjomlarini tanlashda, eng avvalo, ularning tashqi jozibasiga emas, balki salomatligimiz uchun beziyon ekanligiga e`tibor qaratishimiz lozim.
24.08.2022 15:25
Nikeldan tayyorlangan buyum va jihozlar allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin
